Baxtiyor Mahkamov Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi


Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi qaroriga ko‘ra, Baxtiyor Mahkamov Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Baxtiyor Mahkamov tayinlovga qadar Elektromagnit moslashuv markazi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Baxtiyor Mahkamov 1985-yilda tug‘ilgan, 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetining moliyaviy menejment yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, 2008-yilda esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetining menejment (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari) yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.

Avvalroq Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Farg‘ona davlat universiteti va Qo‘qon davlat pedagogika institutiga rektorlar tayinlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.