2023 yil 1 avgustdan boshlab, soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida o‘qishi uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.
Bu – yangi tahrirdagi konstitutsiyani ro‘yobga chiqarishga doir prezident farmonida belgilandi.
Shuningdek, hujjatga binoan, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab, O‘zbekiston fuqarosi hisoblangan va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar madaniy meros obektlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirishi mumkin bo‘ladi.
Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, bolaning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘liq rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qisqa muddatda qabul qilish tavsiya etildi.