Bakalavr va magistr diplomlarining yangi namunalari tasdiqlandi


Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlarining davlat namunalarini tasdiqlash haqida Hukumat qarori qabul qilindi (607-son, 19.07.2019 yil).

Qaror bilan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi bakalavr va magistr diplomlari va ularning tavsiflari, ushbu diplom ilovalarining davlat namunalari, oliy ta’lim muassasalarida beriladigan akademik ma’lumotnomaning davlat namunasi va tavsifi tasdiqlandi.

Huquqiy axborot kanalida ma’lum qilinishicha, diplom va ilovalarning davlat namunalari 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi.

Diplomlar va ularning ilovalari hamda akademik ma’lumotnoma blankalarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ushbu maqsadlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Diplomlar va ularning ilovalari hamda akademik ma’lumotnoma blankalari kompyuterda to‘ldiriladi va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga topshirish uchun (dublikat berish holatlari bundan mustasno) tekin tarqatiladi.