Endilikda O‘zbekistonda 17 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga oliygohlardagi kontrakt to‘lovlarining bir qismi to‘lab beriladi. Ushbu ijtimoiy yordam shaklidagi dastur Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-maydagi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu yordam puli bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari (9 mln 373 ming so‘m) miqdorida ajratiladi va oliy ta’lim tashkilotiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan, hamda ota-ona qaramog‘isiz qolgan talabalarga beriladi.
Imtiyoz quyidagi toifadagi yoshlarga taalluqlidir:
- Homiylikka olingan yoki foster oilaga joylashtirilganlar,
- “SOS – O‘zbekiston bolalar mahallalari” tarbiyalanuvchilari,
- Mehribonlik uylarining bitiruvchilari,
- O‘quv-tarbiya muassasalari hamda kichik hajmli bolalar uylari tarbiyalanuvchilari.
Kontrakt to‘lovi faqat kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilingan davlat oliy ta’lim muassasalari uchun to‘lab beriladi. Talabaning o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyrug‘i va kontrakt shartnomasi asosiy hujjatlar sifatida taqdim etilishi lozim.
Ushbu yordam puli oliy ta’lim tashkilotida to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma asosida o‘qishni tugatgunga qadar ikki marotaba beriladi.
Shuningdek, istisno tariqasida, ota-onasi uzoq muddatga chet elga chiqib ketgan va kam ta’minlangan oilalar reestriga kiritilgan bolalarga ham ushbu yordam ko‘rsatilishi mumkin.