Ayol sudyalar sonini oshirish maqsadida 2023/2024 o‘quv yilida xotin-qizlarga qo‘shimcha 12 ta kvota ajratildi.
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kursiga 2023/2024 o‘quv yili uchun fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy huquq ixtisosliklari bo‘yicha qabul e’lon qilingan.
Tahsillar davlat granti asosida amalga oshirilib, tinglovchilar oylik stipendiya bilan ta’minlanadi.
O‘quv jarayonlari Sudyalar oliy maktabi binosida olib boriladi, ayol tinglovchilarga o‘zlari istiqomat qiluvchi hududdagi sudlarda amaliyot o‘tash imkoniyati taqdim etiladi (amaliyot o‘tash jami o‘qish davrining qariyb yarmini tashkil qiladi).
Hujjatlar 2023 yilning 5 iyuniga qadar qabul qilinadi.
O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga ko‘ra, sudyalar orasida xotin-qizlar ulushini 2025 yilda 20 foizga, 2030 yilda 30 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda sudyalar orasidagi xotin-qizlarning ulushi 14 foizga yetdi (bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 51 foiz, Rossiyada 66 foiz, Sloveniyada 70 foiz, Portugaliyada 75 foiz).