Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev boshchiligidagi delegatsiya vakillari Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universitetida bo‘lib qaytdilar.
Andijon davlat universiteti delegatsiyasi vakillari joriy yilning 28-29 yanvar kunlari Rossiya Federatsiyasi Mordoviya davlat universitetiga rasmiy tashrif uyushtirdilar. Delegatsiya tarkibida universitet rektori Yuldashev Akramjon Sultanmurodovich, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Rasulov Baxtiyor Maxmudjanovich, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Alimov Farhod Sharabidinovichlar Mordoviya davlat universitetining ilmiy, o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazasi bilan tanishib, ikki tomonlama foydali shartnomalar imzolab qaytdilar.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zaro ikki tomonlama akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni stajirovka, malaka oshirish, aspirantura va doktoranturaga yuborish, ilmiy, metodik hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda Mordoviya davlat universiteti rektori S.M.Vdovin va oliygoh prorektorlari qatnashdi.
Tashrif mobaynida mehmonlar universitetning ilmiy, ta’lim va ijtimoiy infratuzilmsi bilan tanishish asnosida matematika va axborot texnologiyalari, iqtisodiyot, biotexnologiya va biologiya fakultetlari, Fizika va kimyo, Tibbiyot, Milliy madaniyat institutlari, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, volontyorlar markazi hamda “Silikon karbidli yagona kristallarni sintez qilish va qayta ishlash" ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Ikki kunlik tashrif yakunida universitetlar o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari to‘g‘risida bitim imzolandi. Unga ko‘ra 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, “Filologiya" (rus tili va adabiyoti) hamda “Turizm ta’lim" yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriaturaga, “Biologiya" va “Menejment" mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturaga qo‘shma ta’lim dasturlari asosida abituriyentlar qabul qilishni boshlash hamda akademik harakatlanishni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Mordoviya davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalari 2018 yilning 18-19-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan "O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi"dagi kelishuvlar natijasida ikkala oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.