Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yangi oliy taʼlim muassasasi – Andijon tekstil instituti ochilishi kutilmoqda.
Mamlakatda klaster tizimining joriy etilishi to‘qimachilik sohasida yangi yo‘nalishlarni ochib berdi. Klasterlar o‘zlari yetishtirgan paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonda faoliyat yuritmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan mazkur sohada mutaxassislarga bo‘lgan talabni oshiradi.
Maʼlumki, Xo‘jaobod tumanida tekstil sohasi juda rivojlangan. Tumanda yuzlab trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritadi.
Yangi institut Samo tekstil korxonasi tomonidan bunyod etilmoqda.
Andijon viloyati hokimligining bergan maʼlumotlariga ko‘ra, ayni paytda mazkur institutning o‘quv va boshqa qo‘shimcha binolari qurib bitkazilgan. Institutda tekstil sohasi uchun zarur bo‘lgan – injener-texnolog, dizayner singari mutaxassislar tayyorlanadi. Institutda dars berish uchun Turkiya, Pokiston va Hindiston davlatlaridan malakali mutaxassislar taklif qilingan.
Bundan tashqari, institutda paxta xomashyosi yetishtirish mutaxassisligi yo‘nalishi bo‘yicha ham fakultetlar ish olib boradi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, xalq xo‘jaligi uchun kerakli mutaxassislar tayyorlovchi yangi oliy taʼlim muassasasi joriy o‘quv yilida 180 nafar talaba qabul qilishi ko‘zda tutilgan.