Amerikalik professor o‘zbek ta’lim tizimini isloh qilishda yordam beradi


Amerikalik professor o‘zbek ta’lim tizimini isloh qilishda yordam beradi. Ta’lim sohasida uzoq yillar tadqiqot qilgan professor Karli Vomak-Ven Xalq ta’limi vazirligida maslahatchi bo‘lgan.

"Karli Vomak-Ven ikki oy mobaynida davlat ta’lim standartlarini baholashga va qayta ko‘rishga yordam beradi. Xususan, ta’lim jarayoniga STEAM dasturini joriy etishda o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda maslahat berib boradi", – deylidai XTV axborotida.

STEM – maktab o‘quvchilarini yangi o‘qitish metodikasi bo‘lib, an’anaviy o‘qitish tizimiga muqobil tizim hisoblanadi. U bolalarni bir vaqtning o‘zida to‘rtta — fan (Science), texnologiya (Technology), injenerlik san’ati (Engineering) va matematika (Math) bo‘yicha o‘qitish tizimiga asoslangan. Bu amaliy va ko‘ngilochar loyihalar mashg‘ulotlari yordamida saboq beriladi.

STEM fanlar bo‘yicha emas, balki “mavzu"lar bo‘yicha integratsiyalashgan o‘qitish tizimidir. STEM –ta’limda amaliy mashg‘ulotlar yordamida ilmiy-texnik bilimlarni real hayotda qo‘llash o‘rgatiladi. Har bir darsda ular zamonaviy industriyaning mahsulotlarini ishlab chiqadi, barpo qiladi va rivojlantiradi.

O‘zbekistonda STE(A)M dasturi bo‘yicha bolalarga hozircha prezident maktablari va 2020 -yildan “Ijodkor bolalar" maktablarida saboq berish rejalashtirilgan.

AQShlik professor Fulbrayt dasturi bo‘yicha kelgan va sentyabr oyidan O‘zbekistonda ish boshlaydi. Ushbu dastur AQShlik yuqori malakali mutaxassislar va olimlarni tajriba almashish uchun jalb etish imkonini beradi.

Manba: minbar.uz