So‘nggi yillarda oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, qabul jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramasdan, ayrim oliy taʼlim muassasalari endi katta hayotga yo‘l olayotgan abituriyentlardan ortiqcha hujjat so‘rash hamda zamon talablariga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘shimcha talablar o‘rnatish orqali eskirgan usullarda ishlashda davom etishmoqda.
Jumladan, adliya organlari tomonidan Samarqand viloyati misolida so‘rov orqali o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga asosan fuqarolardan talab qilish taqiqlangan hujjatlar olinganligi, qonun hujjatlari bilan belgilangan talablariga zid ravishda rasmiy hujjatlarning nusxalari talab qilinganligi va boshqa byurokratik g‘ovlar mavjudligi aniqlandi.
Misol uchun, Samarqand davlat chet tillar universtiteti abituriyentlardan fuqarolik pasportidan nusxa, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnoma, jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga qo‘yilganligi to‘g‘risida maʼlumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etishni asossiz ravishda talab qilgan.
Oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi abituriyent haqidagi zarur maʼlumotlarni Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritib abituriyentga asl hujjatlarni qaytarishi nazarda tutilgan.
Shunga asosan, Adliya vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalari tomonidan ortiqcha byurokratik g‘ov va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligiga tegishli taqdimnoma kiritildi.
Uning natijasiga ko‘ra 10 nafarga yaqin oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlariga turli intizomiy jazo choralari ko‘rildi.
Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan mazkur qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan adliya organlari tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.
Shunga ko‘ra, fuqarolar tomonidan byurokratik g‘ov va to‘siqlarning har qanday ko‘rinishiga duch kelgan taqdirda yoki bu boradagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar mavjud bo‘lganda adliya organlariga murojaat qilishni so‘raymiz.
Adliya vazirligi