Adliya vazirligi: Oliy ta’lim muassasalari reytingini tuzishda noaniqlik va oshkorasizlik bo‘lgan


Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan respublikamizdagi 57 ta oliy ta`lim muassasalari reytingi nashr etildi. Reyting ko‘rsatkichlari va natijalari ijtimoiy tarmoqlarda ham turli qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan oliy ta`lim muassasalari reytingini belgilash jarayoni o‘rganildi. Davlat organlari tomonidan oliy o‘quv yurtlarining rasmiy reytingini belgilash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy bazaning yo‘qligi bu boradagi jiddiy nuqsonlardan biri bo‘ldi.
 
Reyting O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi qo‘shma qarori asosida tuzildi. Mazkur hujjat Adliya vazirligida huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu bois, u yuridik kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi. Reytingni belgilash tartibining davlat ro‘yxatidan o‘tmagani va o‘rnatilgan tartibda nashr etilmagani e`tiborga olinsa, turli ko‘rsatgichlar bo‘yicha reyting natijalarini tuzishda noaniqlik va oshkorasizlik bo‘lgan.

Alohida ko‘rsatgichlar, xususan oliy ta`lim muassasalarida dars beradigan xorijiy o‘qituvchilar haqidagi indikatorlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ayrim oliy o‘quv yurtlari bir semestr yoki yil bo‘yi dars beradigan bir qancha pedagoglarni tanishtirgan bir paytda, asosan “Bir kunlik", “bir haftalik" xorijiy mutaxassislar hisobga olingan. Oliy o‘quv yurtlari reytingini belgilashda ularning miqyosi, ta`lim yo‘nalishlari, iqtisodiy va kadrlar salohiyati, faoliyatining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan ko‘rsatgichlar bo‘yicha differensial yondashuv qo‘llanilmagan.

Ayni paytda, reyting tuzuvchilar diqqat-eʼtiborini foiz ko‘rsatgichlariga emas, son ko‘rsatgichlari (ilmiy darajaga ega shaxslar soni, himoya qilingan dissertatsiyalar soni, xorijiy o‘qituvchilar soni, xorijiy oliy o‘quv yurtlarida ta`lim beradigan pedagoglar soni, chop etilgan maqolalar soni, xorijiy talabalar soni, ilmiy-tadqiqot faoliyatidan olingan mablag‘lar miqdori) ga qaratgan. Bu o‘z-o‘zidan, ko‘p sonli fakultetlar, pedagoglar va talabalarga ega bo‘lgan oliy o‘quv yurtlariga ustunlik bergan. Ayrim tushunarsiz sabablarga ko‘ra, garchi oliy ta`lim dargohlarining barcha yo‘nalishlarini kompleks va har tomonlama o‘rganishda (o‘quv jarayonini tashkillashtirish, o‘quv-uslubiy hujjatlar sifati, talabalar qoniqqanligi, ishga joylashish darajasi, ish beruvchilarning bahosi) obektiv to‘siqlar bo‘lmasada, tadqiqot bir yoqlama va faqat oliy o‘quv yurtlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tahlil etishdan iborat bo‘lib qolgan.

Ta`kidlash joizki, barcha oliy ta`lim dargohlari ham reyting rasman nashr etilgunicha o‘tkazilgan tadqiqot va reyting natijalari haqida xabardor bo‘lmagan. Bu o‘z navbatida, tadqiqotning ayrim jihatlarini ko‘rib chiqish va aniqlash imkonsizligiga sabab bo‘ldi. Bunday yondashuv umumqabul qilingan xalqaro standartlar va tamoyillarga, xususan, Reyting bo‘yicha xalqaro ekspert guruhi (International Ranking Expert Group, IREG) tomonidan tasdiqlangan Oliy o‘quv yurtlari reytingini belgilash bo‘yicha Berlin prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi. 

Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar oliy ta`lim muassasalari reyting natijalarida ham o‘z aksini topgan. Adliya vazirligining taqdimnomasiga asosan, qo‘shma qaror ijrodan qaytarildi.

Manba: kun.uz