Abituriyentlardan olinadigan milliardlar kimlarning cho‘ntagiga tushmoqda?


Bugun oliy ta`lim muassasalarida hujjatlar qabul qilishning so‘nggi haftasi boshlandi. Hafta yakunida, ya`ni 15 iyul – yakshanba kuni qabul komissiyalarining oxirgi ish kuni hisoblanadi.

Joriy yilda qabul jarayonlaridan ko‘pchilikning umidi katta. O‘tkazilgan so‘rovnomalarda ham avvalgi yillarga qaraganda birinchi marta test sinovlari adolatli o‘tishiga ishonganlar soni nisbatan ko‘proqni tashkil qilmoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Endi barchasi ijrochilarga bog‘liq. Xalqning umidi va ishonchini, Prezidentning tashabbusini bor qiladigan ham, yo‘q qiladigan ham quyi bo‘g‘indagi ijrochilardir. Hozircha test o‘tadigan pavilonlarni tayyorlash, test jarayonidagi kuzatuv va qattiqqo‘lliklar bo‘yicha qilinayotgan tashkiliy jarayonlar shaxsan meni to‘laqonli qanoatlantirmoqda.Menimcha, bu yil qiziq bo‘ladi. Intiqlik bilan kutyapmiz.

Lekin shu o‘rinda ayrim kamchiliklar haqida ham aytmasak bo‘lmaydi. Bunday tanqidlardan shaxsiy manfaatimiz yo‘q, bor-yo‘q maqsadimiz kirish imtihonlari jarayonidagi ayrim qonunbuzilish va ortiqcha ovogarchilik holatlariga barham berishda ko‘maklashish xolos.

Aslida aytiladigan gap ko‘p, lekin ushbu maqolada faqat ayrimlariga to‘xtalmoqchiman.

086-U ShAKL BO‘YIChA TIBBIY MA`LUMOTNOMA KeRAKMI?

Avvalgi yillarda ham bu masala haqida fikr yuritgan edim. Ya`ni barcha abituriyentlardan so‘raladigan 086-Ushakl bo‘yicha tibbiy ma`lumotnoma nimaga kerak? Ushbu hujjatsiz ham qabul jarayonlarini tashkil qilib bo‘lmaydimi? Bunga nima xalaqit beradi?

Sababi ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, tibbiyot muassasalaridan bunday ma`lumotnomani olish yaxshigina azob. Tasavvur qiling, joriy yilda 800 mingga yaqin abituriyent hujjat topshiradi, bu degani 800 ming inson qisqa vaqt ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur degani. Hali biz abituriyent bo‘lmagan yana yuz minglab insonlarni qo‘shmayapmiz.

Navbat kutish, xonama-xona yurish, asabbuzarlik va boshqa ortiqcha qog‘ozbozliklar shubhasiz korrupsiya tomon yetaklaydi. Chunki test sinovlariga tayyorlanib yurgan abituriyent uchun har bir daqiqa tilloga teng. Shu tilloni 10-15 ming so‘mga almashtirishga har qanday inson jon deydi.«Sog‘lig‘ingiz o‘zingiz uchun kerak», «Bu siz uchun foyda» degan quruq gaplar ularning qulog‘iga kirmasligi aniq.

Ijtimoiy so‘rov: 84% abituriyent tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydi

Keling, fikrimizni faktlar bilan to‘ldirsak.

Telegramdagi shaxsiy kanalimda xuddi shu mavzu bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdim.

Unda quyidagi savol bilan murojaat qildim:

Abituriyentlik paytingizda 086-U shaklidagi tibbiy ma`lumotnoma olish uchun haqiqatdan tibbiy ko‘rikdan o‘tganmisiz yoki ...? (yaqinlaringiz misolida ham javob berishingiz mumkin)

So‘rovnomada 1556 kishi qatnashdi. Ularning 1041 nafari, ya`ni 67% ishtirokchilar «Yo‘q, qanchadirga sotib olgandim» deya javob berdi.

267 kishi, ya`ni 17% ovoz beruvchilar esa «Iya, deyarli hech kim tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydiku» degan variantni tanlashdi.

248 kishi, ya`ni 16% respondentlar «Ha, to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tganman» deya ta`kidlashdi.

Endi so‘rovnomalarni umumlashtirib xulosa qilamiz. Demak, 84% foiz aholi bunday ma`lumotnoma uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan. Ular yoki tanishlar orqali hal qilishgan, yoki eng keng tarqalgan usul, ya`ni sotib olishni ma`qul bilishgan.

Yangicha firibgarlik turlari

Ushbu o‘ziga xos «biznes» shu darajaga yetdiki, o‘tgan yili o‘nlab abituriyentlar soxta tibbiy ma`lumotnomalar bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Soxta tibbiy ma`lumotnomalar originalining skanerlangan va rangli printerdan chop etilgan varianti bo‘lib, har bir abituriyentning rasmi alohida yopishtirilgan edi. Hali bu faqat aniqlangani, balki ma`lum bo‘lmagan yana minglab shunday ma`lumotnomalar bordir.

Ko‘ryapsizmi, birgina keraksiz hujjatni deb, qancha qonunbuzilish holatlari yuzaga kelmoqda.

Ma`lumotnomalar uchun har yili qancha pul ketadi?

O‘rganishlar natijasida tibbiy ma`lumotnomalar o‘rtacha 10 ming so‘mdan 20 ming so‘mgacha sotib olinishi ma`lum bo‘ldi. Albatta, 800 ming nafar abituriyentning barchasi sotib olmaydi, bu tabiiy. So‘rovnomada 67% abituriyent sotib olganini hisobga olib, shu raqamda to‘xtalamiz.

800 mingning 67%i 536 ming bo‘ladi. Har bir ma`lumotnomani o‘rtacha 15 ming so‘m deb olsak, 536 ming abituriyent joriy yilda 8 milliard so‘m pulni noqonuniy ravishda tibbiy ma`lumotnoma sotib olishga sarflaydi! 8 MILLIARD SO‘M!

Albatta bu raqamlar taxminiy chiqarilgan, balki kam, balki hatto ko‘p bo‘lishi ham mumkin.

FOTOSURATGA NIMA UChUN QAYTA TUShIShMOQDA?

Tibbiy ma`lumotnoma kabi yana bir milliardlar manbai bor. Bu ham bo‘lsa abituriyentlarni qayta fotosuratga tushirish.

Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda abituriyent taqdim etishi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatida 3,5×4,5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat ham belgilangan. Biroq Nizomda fotosuratga boshqa birorta talab qo‘yilmagan.

Ammo bir necha yildan buyon OTMlar abituriyentlar tomonidan olib kelingan fotosuratlarni qabul qilishdan bosh tortib kelmoqda.Ya`ni abituriyent o‘zi bilan Nizomda ko‘rsatilganidek 6 dona 3,5×4,5 sm rangli fotosurat olib kelsa, qabul komissiyasi pinagini ham buzmasdan, ushbu fotosurat o‘tmasligini, OTMning o‘zida tashkil qilingan fotostudiyada qaytadan rasm tushishi kerakligini aytishadi. Buni esa o‘zlaricha xavfsizlik bilan bog‘lashadi.

Ya`ni rasmning chetiga qandaydir naqshlar, OTM nomi va QR-kod tushirib berishadi. Xuddiki shu usul bilan ular katta qing‘irliklarning oldini olayotganiga odamlarni ishontirishga harakat qiladi. Aslida esa bu zig‘ircha ham xavfsizlikka ta`sir qilmaydi. Qilaman degan odam rangli printerdan bemalol xuddi shunaqa formatda chiqarib olaveradi, juda bir xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan suv belgisi yuritilgan o‘ta qiyin mexanizm yo‘q. Oddiy fotoshopda amallash mumkin. Va o‘zi ushbu rasmlar biror qing‘irlikni oldini oladigan darajada ahamiyatli ham emas. Eng ahamiyatlisi abituriyent tushadigan elektron rasm aslida. Buni ko‘pchilik bilmaydi xolos.

Foto: KUN.UZ

Fotosuratlar uchun har yili qancha pul ketadi?

Xuddi shu masala bo‘yicha Feysbukdagi Maslahat.uz guruhida abituriyentlarga savol bilan murojaat qildim.

Unda abituriyentlarning guvohlik berishicha, OTMga qarab 6 dona rasm uchun 4 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha pul olinayotgan ekan. Biz buni mayli, ko‘p emas, o‘rtacha 6 ming so‘m deb olamiz (chunki qimmat joylar kam ekan).

Demak, 800 mingga yaqin abituriyent fotosurat uchun 4 mlrd. 800 mln. so‘m pul sarflayapti. Yana milliardlar...

Baribir pulga rasmga tushadi-ku, nima qilibdi shunga?

Yaxshi savol. Mantiqiy savol. Baribir abituriyent ko‘chada ham tekinga rasmga tushmaydi-ku, to‘g‘rmi? Shu pulni OTM olsa nima qilibdi?

Ammo bu yerda boshqa masala yotibdi. Agar hali suratga tushmagan abituriyentga 6 dona rasm ishlab berishsa, hechqisi yo‘q, lekin o‘zi rasm ko‘tarib kelgan abituriyentga qanday asosga ko‘ra rad javobi berishadi? Qonuniy asosi bormi? YO‘Q!

Bu shunchaki xavfsizlik niqobi ostida ayrimlarning cho‘ntagini qappaytirish uchun o‘ylab topilgan usul xolos. Sababi juda ko‘p joylarda OTMdagi fotosuratchilar rektor yoki shu kabi boshqa amaldorlarning qarindoshi, tanishi bo‘ladi yoxud boshqacha manfaatdorlik ham mavjudligi sir emas.

Agar haqiqatdan OTMning o‘zida rasmga tushish shunchalik muhim bo‘lsa, unda marhamat, Vazirlar Mahkamasi qaroriga o‘zgarish kiritilib, bu bo‘yicha tegishli tartib joriy qilinishi kerak.Va bu haqida qabul jarayonlaridan oldin barcha abituriyentlarga ma`lum qilinishi shart. Ya`ni «rasm olib kelmang, buning o‘rniga faloncha so‘m pul bilan keling», deb. Bundan tashqari narxlarni ham bir xillashtirish lozim edi. Hozirgiga o‘xshab hamma o‘zi istagan narxni qo‘yib olavermasligi lozim.

Xullas, qabul komissiyasining har bir qadami qonun hujjatlariga asoslanishi shart. Axir OTMlar ayrimlarning shaxsiy tomorqasi emas-ku, istalgan tartibni o‘zboshimchalik bilan joriy qiladigan. Hozir qonun hujjatlarida fotosuratlar uchun bunday tartib yo‘qmi, demak qabul komissiyalarining bu ishi noqonuniydir!

Soliqlarni kim to‘laydi?

O‘sha OTMlardagi olg‘ir fotosuratchilarning faoliyatini birorta soliq organlari tekshirib ko‘rganmi o‘zi? Shuncha milliard pul kirim qilinyaptimi? Chek berilyaptimi? Bu milliardlardan davlat byudjyetiga soliq to‘lanadimi? Va o‘zi o‘sha fotosuratchilarning guvohnomasi bormi? Yoki ayrimlar uyidagi 2 ta rangli printer va bitta noutbukni olib kelib, o‘zi bilganicha foyda qilib yotishibdimi? OTM va fotosuratchi tadbirkor o‘rtasida qandaydir huquqiy shartnoma bormi?

Xullas, savollar ko‘p, buni jiddiy tekshirish kerak.

PAPKA, ARIZA VA KSeRONUSXA

Yuqorida faqat tibbiy ma`lumotnoma va fotosurat haqida gapirdim, xolos. Ikkalasini qo‘shganda taxminan 13 milliardga yaqin pul bo‘lyapti. Hali buyoqda har bir abituriyentga Nizomda ko‘rsatilmagan 2 dona «Papka-skorosshivatel», ariza blankini sotib olish va hujjatlardan OTMning o‘zida majburiy nusxa ko‘chirilganlik uchun olinadigan haq haqida gapirmayapman. Ularning hisoblaganda abituriyent qabul komissiyasida taxminan 10-20 ming so‘m pul qoldirib ketadi. Bu degani nazorat qilinmaydigan xarajatlar 20-30 millard so‘mga borib qoladi.

To‘g‘ri, hech narsa tekinga bitmaydi, qilingan xizmat uchun haq olish noto‘g‘ri emas. Ammo bu faoliyat qanchalik qonuniy? Bu pullar qayerga ketyapti? Shuning hisobi bormi? Meni shu o‘ylantiradi xolos.

O‘zbekistondagi amaliyot

Qabul komissiyasi uchun tibbiy ma`lumotnoma albatta kerak, fotosuratga albatta OTMda tushish kerak, deb meni ishontira olmaysiz. Bularsiz ham bemalol qabulni tashkil qilish mumkin. Aniq misollar aytaman.

O‘zbekistonda milliy OTMlar orasida ilk marta tibbiy ma`lumotnoma va chop etilgan fotosuratdan Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti voz kechgan edi. Shunda ham to‘liq emas, qisman.

2017 yilda TATU ilk marta Yagona portal orqali elektron hujjat qabul qilishni yo‘lga qo‘ygandi. O‘shanda elektron hujjat topshirganlardan 086 shakldagi tibbiy ma`lumotnoma hamda harbiy xizmatdan vaqtincha chetlashtirilganiga doir ma`lumotnoma so‘ralmasligini ma`lum qilishgan edi. Tabiiyki, o‘z-o‘zidan, chop etilgan fotosurat ham kerak bo‘lmagan. Ushbu ma`lumotnomalar abituriyentdan faqat talaba bo‘lgandan keyingina so‘ralishi belgilangandi.

Ming afsuski, nima uchundir TATU bu yil elektron qabulni bekor qilibdi, yana barcha abituriyentlar Toshkentga kelgan holda hujjat topshirmoqda.

Joriy yilda esa Toshkent davlat yuridik universiteti maydalashib o‘tirmasdan bira to‘la bir nechta keraksiz hujjatlarni qabul qilishni bekor qildi.

Xabaringiz bor joriy yilda abituriyentlar hujjatlari TDYuUda qabul qilinmayapti, balki Davlat xizmatlari agentligining tuman   va shaharlarda faoliyat olib borayotgan 201ta davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilmoqda.

Bunda esa quyidagi hujjatlarni so‘rash tartibi bekor qilindi:

  • 086 shaklidagi tibbiy ma`lumotnoma;
  • 35×45 mm hajmdagi fotosurat;
  • harbiy aloqadorlik to‘g‘risida hujjat;
  • rektor nomiga ariza;
  • hujjatlardan nusxa (pasport, diplom, shahodatnoma).

Mana, demak keraksiz hujjatlardan bemalol voz kechsa bo‘lar ekan-ku. Hech qanday muammo yoki qandaydir qing‘irlik yuzaga kelmas ekan. Faqat buning uchun ozgina jur`at va qat`iylik kerak, xolos.

TAKLIFIM

Joriy yilda TDYuU tomonidan joriy qilingan tartib barcha uchun qo‘llanishi kerak. Ya`ni yurtimizdagi hamma OTMlarga Davlat xizmatlari agentligining tuman va shahar markazlarida hujjatlar qabul qilishni tashkil etish, xuddi joriy yilda bo‘lganidek, ortiqcha qog‘ozbozlikni yo‘qotish, umuman kerak bo‘lmaydigan va faqat qo‘shimcha xarajat hamda korruptsion tizimni yaratishga sharoit yaratadigan ma`lumotnomalarni so‘rashni butunlay bekor qilish kerak.

Shunda qabul jarayonlari yanada shaffof va haqiqatda TeKIN bo‘ladi. O‘sha milliardlar xalqning o‘zida qoladi. Viloyatlardagilar ham Toshkentga ovora bo‘lib kelib yurmaydi, transport va yotoq xarajatlari uchun ham yaxshigina pul tejaladi. Yaxshi tomonlari ko‘p, sanasak maqola yana cho‘zilib ketadi. Shu joyda to‘xtadim.

Xushnud Xudayberdiyev,
huquqshunos.

Manba: kun.uz