Hukumat va Davlat test markazi kirish test imtihonlarini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha ish olib bormoqda. O‘zgarishlarni esa keyingi yiliyoq ko‘rishimiz mumkin. Bu haqda Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sherzod Shermatov aytib o‘tdi.
Doimgidek 1-avgust kuni oliygohlardagi kirish imtihonlari vaqtida yuritimizdagi mobil aloqa operatorlari profilaktik ishlar olib borilishi sababli internet va SMS xizmatlari ishlamasligini elon qilishadi. Butun respublika bo‘yicha bu xizmatlarni bloklash o‘rniga zamonaviy texnologiyalar yoki "tutqichlar"ni ishlatish orqali oliygohlar hududidagina uyali aloqa xizmatlarini bloklash vaqti kelmadimi mazmundagi savolga vazir shunday javob berdi:
"Savol o‘rinli. Men Inha universiteti rektori bo‘lgan davrlar(2014-2016 yillar)da kirish imtihonlari shu oliygohda tashkil qilingan. Internetning bor yoki yo‘qligi, shpargalkalar yoki mobil telefonlar sababli ushbu oliygohda biror bir "noto‘g‘ri" abituriyent talaba bo‘lganligi haqida eshitganmisiz? Mobil aloqa hizmatlari va kirish imtihonlarini bir-biri bilan bog‘lamaslik kerak".
O‘zbekiston Respublikas prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madanyat va san'at vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida kirish imtihonlari tanqid qilingan edi. Prezident madanyat, san'at va ijod yo‘nalishidagi oliygohlarda test shaklidagi imtihonlarni bekor qilish haqida ko‘rsatma bergan edi.
"Navbatdagi imtihonlarda natijalar test imtihonlari tugashi bilanoq chiqishi uchun topshiriq qo‘yildi" - ta'kidladi Sherzod Shermatov.