Oliy o‘quv yurtlariga 2018 yilda test sinovlarini topshirgan abituriyentlar to‘plagan ballar tahlil qilinganda, test sinovlarini topshirgan 600 mingdan ortiq abituriyentning 55 foizi asosiy mutaxassislik fani (fizika, kimyo, matematika, biologiya, geografiya) bo‘yicha 50 ball ham to‘play olmagan, deb ma'lumot berdi senator Zayniddin Nizomxo‘jayev.
Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayevning aytishicha, o‘quvchilarning o‘zlashtirishiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan asosiy omillardan biri – darsliklarning talab darajasida yaratilmaganligi aniqlangan, deb yozadi Kun.uz.
«Sohada olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramasdan, darsliklarni davlat ta'lim standarti va o‘quv dasturlari talablari asosida o‘quvchilarning yoshi, aqliy, fiziologik va psixologik rivojlanish davriga muvofiq tayyorlanishida qator muammolar saqlanib qolmoqda», — deydi u.
Ta'kidlanishicha, ayni paytda darsliklarni yaratishga oid normativ-huquqiy asoslarni mustahkamlash talab etilmoqda.
«Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi 548-sonli qarori bilan darsliklarni tanlov asosida tanlab olish tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda tanlov komissiyasiga kelib tushgan darsliklarni ko‘rib chiqish va baholash to‘g‘risidagi axborotning sir saqlanishi belgilangan.
Bu esa, yaratilayotgan darsliklar loyihalarini shaffof baholash, keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, o‘qituvchilarning, ota-onalarning, tegishli ekspert va boshqa mutaxassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini bermaydi.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomlarda mualliflar tarkibini tanlashning aniq reglamenti ishlab chiqilmagan, darsliklar loyihalari yuzasidan ekspert xulosasini berish muddati esa qisqa.
Darsliklarning tender savdolari orqali g‘olib bo‘lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi, o‘quv materialining uzviyligi, uyg‘unligi va izchilligini, shuningdek fanlararo aloqaning bog‘liqligini ta'minlamayapti. Oqibatda, bu darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda.
Ushbu holatlar darsliklarning shoshma-shosharlik bilan tayyorlanishiga, oqibatda, ularning ko‘plab xatoliklar va nomutanosibliklar bilan nashr etilishiga olib kelmoqda.
Umumiy o‘rta ta'limning o‘quv dasturlari tayanch o‘quv rejaga nomuvofiq ravishda, amaliyot bilan bog‘lanmagan holda ishlab chiqilganligi kuzatildi.
O‘quv dasturlarini tayyorlash bo‘yicha aniq mezon va talablarning (dasturlarni yaratish davriyligi, mas'ullar, ularning huquq va majburiyatlari va hokazolar) ishlab chiqilmaganligi, amalda ularning tez-tez o‘zgartirilishiga, yangilarining yaratilishiga hamda o‘quv dasturlarini muallifning o‘zi tomonidan yaratilishiga sabab bo‘lmoqda.
Aksariyat hollarda darsliklarning nazariyotchi olimlar tomonidan yaratilishi, ushbu jarayonga tajribali maktab o‘qituvchilarining jalb etilmasligi, ulardagi ayrim mavzular va topshiriqlarni o‘ta murakkablashib, og‘ir va ilmiy uslubda yozilishiga olib kelgan. Bu esa, nafaqat o‘quvchi, balki o‘qituvchi uchun ham qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda», — deb fikr bildirgan qo‘mita raisi.
Umuman olganda, darsliklarni tayyorlash va nashr etish borasida mustahkam qonunchilik asoslarining yaratilmaganligi, amaldagilari ham to‘liq bajarilmayotganligi darsliklarda ko‘plab xatoliklar va nomutanosibliklarni keltirib chiqarayotgani ma'lum qilindi.
Umumta'lim maktablari darsliklarining davlat ta'lim standarti talablari asosida tayyorlanishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosariga parlament so‘rovini yuborish tashabbusi ilgari surildi va senatorlar tomonidan ma'qullandi.