47 ta yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar yuridik mutaxassislikka qayta tayyorlanadi. Bu haqida Huqumatning tegishli qarori qabul qilindi.
- O‘qish muddati - 6 oy;
- Asosiy ish joyidan ajralgan holda;
- To‘lov-kontrakt asosida;
- Imtihon suhbat shaklida;
- O‘qish tili - o‘zbek va rus tillarida.
Boshqacha aytganda, yuridik ma’lumotga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotlilar 6 oylik qayta tayyorlash kursida o‘qib, keyin korxona va tashkilotlarda bemalol yurist bo‘lib ishlashi mumkin.
Quyidagi suratda qaysi yo‘nalishda oliy ma’lumoti borlarga qayta tayyorlov kursida o‘qishga ruxsat berilishi aks etgan:
1. Qayta tayyorlashdan o‘tgandan so‘ng, qayerlarda yurist bo‘lib ishlash mumkin?
Aniq bilmadim. Gap shundaki, bu xabar “Huquqiy axborot" kanalida e’lon qilindi, u yerda esa qisqa ma’lumotlar yozilgan. Batafsil ma’lumotni Hukumatning tegishli qarorini ko‘rgandan so‘ng olish mumkin. Hozircha qarorning rasmiy matni e’lon qilingani yo‘q.
Korxona va tashkilotlarda yurist bo‘lib ishlash mumkin, degan xulosani esa, mantiqan o‘ylab, o‘zim yozdim. Adliya bergan ma’lumotda bu haqida hech narsa deyilmagan. Lekin mantiqan olib qaraganda, 6 oy kontrakt to‘lab, ish joyidan ajralib o‘qib, diplom olsayu, lekin biror joyda yurist bo‘lib ishlay olmasa, kim ham o‘qirdi. Shunga ko‘ra, ishonch bilan shu xulosani berdim.
Menimcha, qayta tayyorlashdan o‘tganlar oliy yuridik ma’lumot talab qilinadigan barcha joyda ishlay olmasa kerak. Masalan, sudya, prokuror, tergovchi, advokat yoki hattoki notarius ham bo‘la olmasa kerak. Yana ham “tong otsin" (qaror e’lon qilinsin) hammasini ko‘ramiz.
2. Qayta tayyorlash kursida o‘qigan tinglovchilarga yakunda qanday hujjat beriladi: sertifikatmi yoki diplom?
Diplom beriladi.
3. Kontrakt to‘lovi qancha bo‘ladi?
Bilmadim, bu haqida ma’lumotga ega emasman. Balki bakalavrlarning 1 yillik kontrakt puli bo‘lar (9 mln 850 ming). Yoki 6 oyligini hisobga olib, shuning yarmi bo‘lar (4 mln 925 ming). Bu tez orada Universitet tomonidan e’lon qilinsa kerak.
4. Bir yilda necha kishi qabul qilinadi?
Albatta, istalgancha qabul bo‘lmaydi. Har safar maxsus kvota belgilanadi. Kvotani Toshkent davlat yuridik universiteti Kengashi belgilaydi. Hozircha nechta joy ajratilishi haqida menda ma’lumot yo‘q.
Va yana ilk qabul qachon boshlanadi, imtihonda qanday savollar beriladi, yuridik sohaning qaysi yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlanadi, bular haqida ham ma’lumotga ega emasman.
Qisqa qilib aytganda, “Huquqiy axborot" kanalida berilgan qisqa ma’lumotdan tashqari hech narsani bilmayman. Qolganini rasmiylarning o‘zlari aytishadi. Kutib turishni maslahat beraman.
Lekin masalaning e’tiborli tomoni shundaki, mazkur tayyorlash kursida o‘qimoqchi bo‘lganlar, asosiy ish joyidan ishdan bo‘shashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Sababi qarorda "asosiy ish joyidan ajralgan holda" deyilgan ekan. O‘z hisobidan ta’til olmoqchi bo‘lsa ham Mehnat kodeksi bo‘yicha maksimum 3 oygacha mumkin. Bundan kelib chiqadiki, ushbu kursda o‘qimoqchi bo‘lganlarni ish beruvchi ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lib qoladi yoki atayin "bo‘shaysan" deb turib oladi.
Shunga aniqlik kiritib ketilsa yomon bo‘lmasdi. Masalan, ishini yarim stavkaga o‘tkazib, kunning birinchi yarmida o‘qishda, ikkinchi yarmida ishda bo‘lsa, yoxud agar o‘qishlar kun davomida bo‘lsa, unda kechki smenada ishlasa mumkin bo‘ladimi yoki yo‘qmi, mana shu masalalarga ham izoh berib ketilsa ko‘pchilikka foydali bo‘lardi. Chunki 6 oylik o‘qishni deb, asosiy ish joyidan ayrilish kerak bo‘lsa, ko‘pchilik xohlasa ham o‘qiy olmasligi mumkin. Xudo biladi, o‘qishni tugatib qaytib borsa, yana qayta ishga olishadimi, yo‘qmi. Hech kim bunga kafolat bermaydiku.
Manba: @xushnudbek