“3”ga o‘ttiz, “4”ga qirq, “5”ga ellik


Sarlavhadan hech nima uqmadingiz, to‘g‘rimi? Boshida men ham hech nimaga tushunmagan edim. Keyinroq esa hammasi oydinlashdi. Sarlavhada ko‘rsatib o‘tilgan “3","4", va "5", bu – talabalarning sessiya yakunidagi bahosi. “O‘ttiz", “qirq", “ellik" esa o‘sha bahoning ulgurji narxi. Buxoro Davlat universiteti rus filologiyasi fakulteti talabalarining aksariyati ana sessiya baholarini shu narxda sotib olishmoqda. Ishonmasangiz, maqolamizni oxirigacha o‘qib ko‘ring.

40 kun “chilla saqlagan" xat

Ayolim shu fakultetning 2 bosqichida o‘qiydi. Birinchi kursni Jizzax pedagogika institutida tamomlagan. O‘tgan yil avgust oyida o‘qishni BuxDUga ko‘chirdik. Kimga qanday bo‘lgan bilmadim-u, o‘qishni ko‘chirishdagi sansalorlik tinka-madorimizni quritgan. BuxDUning o‘qish ko‘chirilganini tasdiqlovchi xatini naqd 40 kun kutganmiz. Vaholanki, bugungi zamonda bitta xatni yuborish uchun 40 soniya ham vaqtingiz ketmaydi. 40 kun “chilla saqlagan" xat Jizzaxga yetib borgach, ayolim BuxDUda o‘qishini davom ettira boshladi.

O‘shanda ko‘rgan-bilganlarimiz shu bo‘lsin, deb “suf-kuf", qilgandik. Oddiy bir xatning nega qirq kun “chilla saqlagani" haqida hech kimdan izoh talab qilmadik. Ko‘ngilni keng qo‘ydik. Ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi dedik. Yana bir tomoni ayolim o‘qiydigan universitet rahbariyati bilan yovlashgimiz kelmadi. Ammo BuxDUning “syurprizlari" esa kundan-kunga ko‘payib boraverdi.

Kunlarning birida ayolim oktyabr va noyabr oylari uchun stipendiya olganini aytib qoldi. Mening hisob-kitobim bo‘yicha esa u uch oylik stipendiya olishi kerak edi. Tabbiyki, men sentyabr oyining stipendiyasi qayerga “g‘oyib" bo‘lganini so‘radim. Ayolim universitetning ichki nizomiga asosan o‘qishi ko‘chirilgan talabalarga 1 oy stipendiya to‘lanmasligini aytdi. Keyinchalik bilsam, BuxDUning ichki nizomlar mamlakat qonunlaridan ham ustun ekan. Bu haqida keyinroq yana fikrlashamiz.

Darvoqe, dekanat va rektorat bilan yovlashishdan qo‘rqib, stipendiyadan “voz kechgan" bitta biz emasmiz. O‘qishi rus tili fakultetiga ko‘chirilgan yana uch nafar tanishim sentyabr oyi uchun stipendiya olmagan. Ammo ular ham xuddi biz kabi birinchi yarim yil uchun shartnoma pulini tiyin-tiyinigacha to‘laganidan xabarim bor. Bu o‘yindan kim manfaatdor bilmadik-u, ammo shartnoma puli to‘liq to‘langanda, stipendiya ham to‘liq berilishi shart. Shunda six ham kabob ham kuymaydi.

Endi boshqa mulohazaga quloq tuting. Universitet nizomida “o‘qishi ko‘chirilgan talabaga bir oylik stipendiya berilmaydi", deb ko‘rsatilgan bo‘lsa va har yili 100 nafar talaba o‘qishini BuxDUga ko‘chirsa, nima bo‘ladi. Eng kam stipendiya – 320 ming so‘mdan 100 nafar talabaning haqqini hisoblab chiqing. Naqd 32 million so‘m bo‘ladi. Ichki nizomda shuncha pul qayerda ishlatilishi ko‘rsatilganmi? Xo‘sh bu pullar talabaga ham universitet hisob raqamiga ham berilmasa qayerga ketadi? Yo Alining, yo Valining cho‘ntagiga tushadi-da shundaymi?

Narxi qancha bahoning ayting?

Yetar-yetmovchilik kimning uyida yo‘q. Xarajatlar daromaddan ikki hissa ko‘p bo‘lib turganda, xotingiz “Sessiyamni yopish uchun falon ming so‘m bering", deb tursa, quloqlaringiz “yayrab" ketadi-da. Ayolim ham bir-ikki marta quloqlarimni “yayratdi". Men esa sessiya yopish uchun sariq chaqa ham bermasligimni aytdim. Sessiya bahona oramizdan “ola mushuk" ham o‘tdi.

Ayolingiz homilador bo‘lsa, unga sal yon bosar ekansiz baribir. “Asbiylashmasin, tug‘iladigan bolamga yomon ta’sir qilmasin", deb o‘ylaydi, odam. Menda ham shunday bo‘ldi. Oxiri joriy sessiyada yopiladigan 9 ta fandan baho olish uchun 270 ming so‘m berishga rozi bo‘ldim. “Faqat bir shart bilan, o‘qituvchilaringning har biriga o‘zim berib chiqaman" dedim. Ayolim rozi bo‘lmadi. “Domlalarimiz begonadan pul olmaydi. Bu ishlar cherez “starosta" bitadi, deb e’tiroz bildirdi.

Darvoqe, aytish yodimdan ko‘tarilibdi. BuxDU talabasi baho olish uchun guruh sardori (starosta) bilan osh-qatiq bo‘lishi kerak. Masalan, unga yaxshi gapirishi, iltifot ko‘rsatishi shart. Aks holda, holiga maymunlar yig‘lashi turgan gap. Guruh sardorlariga ishonch shu qadar yuksakki, hatto qoldirilgan darslarning “atrabotkasi" uchun yoziladigan referatlar ham sardorlarga topshiriladi.

– Chindan ham referatlarni “starosta"ga topshirasizlarmi, – so‘rayman ayolimdan.

– Referat bu shunchaki parol, – deydi u. – Bizning fakulte tda 3 xil – o‘ttiz, qirq va ellik varoqlik referat bor. Imkoniyatingizga qarab uchchalasidan birini tanlaysiz va guruh sardoriga “topshirasiz". Guruh sardori esa “referatlar"ni yig‘ib-yig‘ib o‘qituvchiga topshiradi. Sessiya bahongiz ham shunga yarasha bo‘ladi, albatta. Masalan, o‘ttiz varoq “referat" topshirsangiz, sessiyani uchga yopasiz. 

Ta’lim to‘g‘risidagi qonunda mustaqil ishlar, referatlar faqat o‘qituvchiga topshirilishi belgilangan. Qonunda istisno holatlar ham, guruh sardoralarining mustaqil ishlarni yig‘ib topshirishi to‘g‘risida ham hech qanday ko‘rsatma ham yo‘q. Chunki talaba tomonidan yozilgan har qanday mustaqil ish o‘qituvchining ko‘z o‘ngida himoya qilinishi lozim. Xulosamiz shunday: guruh sardorlari yig‘ib olayotgan referat sessiya baholarining urgurji bahosi. “3"ga o‘ttiz, “4"ga qirq, “5"ga ellik so‘zlarining ketma-ket kelayotgani ham bejiz emas.

Endi masalaning ikkinchi tomoniga e’tibor qarating. Ayolim o‘qiyotgan filologiya fakultetida 2000 mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Ularning har biri sessiyani eng kamida 3 baho bilan yopishga majbur. Har bir talaba 3 bahoni 30 ming so‘mdan sotib olsa, 60 million so‘m bo‘ladi. Endi bunga “to‘rtchi" va “beshchi" talabalarning pulini ham qo‘shib hisoblang. Oddiy bitta fakultetda ana shuncha pul aylanyapti.

– Domlalar birorta ham dars qoldirmagan talabadan 30 ming so‘m oladi, – deydi rus tili fakultetining oxirgi bosqich talabalaridan biri. – Darsga yaxshi qatnashmagan talabalar “atrabotka" uchun yana 30-40 ming so‘m qo‘shib berishlari kerak. Bo‘lmasa, baho ololmaydi, qayta imtihon topshirishadi yoki kursidan qoladi.

Ma’lumotnamangizni tasdiqlovchi ma’lumotnoma bormi?

Tanishimning gapidan so‘ng sessiyani, hattoki, 270 ming so‘mga ham yopa olmasligimga to‘la ishonch hosil qildim. Chunki ayolim homilador bo‘lgani sababli bir necha marta dars qoldirganidan xabarim bor. Xayolimga yangi bir fikr keldi. Ayolimning dars qoldirgan kunlari uchun berilgan “bolnichniy"larni kafedraga olib borsam, har na yengil bo‘lardi-da, deb o‘ylagan kunim edi. Ammo rus tili kafedrasi mudiri Otabek Nosirov bilan gaplashgach, chuchvarani xom sanaganimga ishondim.

– Otabek aka, ayolim bir haftadan buyon darsga kelmayapti, – dedim kafedra mudiri bilan salom-alikdan so‘ng. – Mana uning kasallik varaqalari. O‘zingiz bilasiz, homilador ayolning sog‘ kunidan kasal bo‘lgan kunlari ko‘p bo‘ladi.

– Bu qog‘ozlaringiz bizga o‘tmaydi, – dedi kafedra mudiri qishloq vrachlik punktining “spravka"sini ko‘rgach. – Bu ma’lumotnomani shahardagi 11 sonli poliklinikadan tasdiqlatib kelishingiz kerak. Bizga faqat 11 poliklinikaning “spravkasi" o‘tadi. Universitetning ichki nizomida shunday deb yozilgan.

– O‘sha nizomni menga ko‘rsata olasizmi, – dedim men ham bo‘sh kelmay. – Qishloq vrachlik punkti davlat tashkiloti bo‘lsa, uning hujjatini boshqa bir davlat tashkilotidan tasdiqlashga ne hojat. Yoki universitet rahbariyati davlat tashkilotlarining hujjatlariga ham ishonmaydimi? O‘zi bu universitetda hamma bilganini qilarkan-da. Istasa, davlat tashkiloti ma’lumotnomasini ikki pulga olmaydi. Istasa, sessiya baholarini erkin narxda sotadi.

– Kim-kimdan baho sotib olibdi, – deydi kafedra mudiri asabiylashib.

– Talabalar-da domla, – dedim men ham. – Masalan, mening ayolimdan ham “3" uchun 30 ming so‘m so‘rashibdi. “4" ning bahosi qirq, “5"niki 50 ming so‘m ekan. Pullarni guruh sardorlari yig‘ib o‘qituvchiga berarkan.

– Kim aytdi sizga bu gapni, – deydi Otabek Nosirov. – Bizning o‘qituvchilarimiz “chesniy". Talabaning qo‘liga qarab qolgan joyi yo‘q. Ammo bizda o‘qituvchining nomini sotib pul “ishlayotgan" tovlamachi guruh sardorlarini yo‘q deyolmayman. Odamning olasi ichida bo‘ladi, axir. Ayolingizdan kim pul so‘ragan bo‘lsa, menga kelib aytsin. Men o‘zim uning jazosini beraman.

– Jazo berilmaydi, Otabek aka, – dedim. – Hozirgina o‘zingiz tovlamachi guruh sardorlari borligini tan oldingiz. Xo‘sh, ularning qaysi biri tovlamachiligi uchun jazolandi? Qaysi tovlamachi “starosta"ning ustidan jinoyat ishi ochildi? Axir tovlamachik ham jinoyat-ku. Ammo hech qaysi “starosta" jazolanmagan. Chunki ular jazoga tortilsa, boshqalarning ham “keti" ochiladi. Tergov boshlanadi. Tergovda siz tovlamachi degan o‘sha guruh sardorlari kimning ko‘rsatmasi bilan pul yig‘ganini bulbulday sayrab beradi. Sizlar o‘sha tergovdan qo‘rqas izlar. Starostalar sotib qo‘yishidan qo‘rqasizlar.

Xullasi kalom kafedra mudiri bilan suhbatimiz asabiy ruhda o‘tdi. Otabek aka ancha pishiq ekan. Pul haqida gap ketsa, nuqul guruh sardorlarini aybladi.

Mening esa boshqa taxminim bor. Fikri ojizimcha, guruh sardorlari shunchaki qurbon. Ular o‘qituvchilarga har xil bola-qazolarni qaytarish uchun, talabalardan pul yig‘ish uchun kerak. Chunki bizdan oldingilar ham, bizning zamonda yashayotganlar ham porani o‘z qo‘li bilan olmagan. Boz ustiga, har bir talabadan pul olish juda xavfli ish. Biri bo‘lmasa, boshqasi tutib berishi mumkin. “Starosta" qo‘lga tushgan taqdirda esa vaziyatdan chiqish ancha yengil. O‘qituvchi xuddi Otabek Nosirovga o‘xshab guruh sardorini tovlamachilikda ayblaydi va o‘zi suvdan quruq chiqib ketaveradi. Ammo qachongacha? Qachongacha o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz? Nahotki, talabadan pul so‘rayotgan odamni topib jazolash shunchalik qiyin bo‘lsa? O‘ylaymizki, maqolamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarda qiziqish uyg‘otadi. Agar ular shu ish bo‘yicha jinoyat ishi ochsalar, bizning ham filologiya fakulteti o‘qituvchilari uchun tayorlagan “syurprizlarimiz" bor. Qachongacha universitetning “syurprizlaridan" hayajonlanib yuramiz, axir. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish hammamizning ishimiz.

Hasan SALOMOV,

jurnalist