3+2 dasturi asosida Rossiyaga o‘qishga yuborilgan o‘zbekistonlik talabalar ko‘chada qolgani aytilmoqda


Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada bo‘lib turgan yigirmaga yaqin yigit-qizlarning prezidentga murojaati tarqaldi. O‘zbekistonliklar Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rahbariyati tomonidan aldanishgani, ayni paytda boshqa davlatda ko‘chada qolib ketganliklaridan shikoyat qilishadi.

“Biz uch yil O‘zbekistonda, to‘rtinchi va beshinchi kurslarni Krosnadar shahrida o‘qishimiz kerak edi. Bu yerga kelganimizdan so‘ng bir qismimizni qabul qilib, qolganlarga rad javobini berishmoqda. Muammomiz shundaki, 30 avgust kuni bizni yotoqxonadan chiqarib yuborishadi. Boradigan joyimiz yo‘q. Hozir shartnomamiz bekor qilingan va sizlar bizning talabamiz hisoblanmaysizlar deyishyapti", deya davlat rahbaridan yordam so‘raydi talabalardan biri.
“Stomatologiya va davolash ishlari fakulteti talabalari Rossiya Federatsiyasining Kuban shahrida jam bo‘lib turibmiz. Bu yerda bizga qilinayotgan qo‘pol va dag‘al muomala insoniylikka umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bizni bu yerga aldov yo‘li bilan olib kelishdi. Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori Akmal Siddiqov hamisha biz bilan uchrashuvdan bosh tortgan. Rossiyaga bizni aldov yo‘li bilan olib kelganidan so‘ng faqatgina yigirma nafarimizni qabul qilib, qolganlarni o‘qishdan chetlashtirishga qaror qilishgan", deydi boshqa bir talaba.

Videomurojaat mualliflarining aytishicha, rossiyadagi mas’ullar o‘zbekistonlik talabalar tomonidan 3 yildan buyon to‘lab kelingan shartnoma pullarining bir so‘mi ham ularning hisobiga kelib tushmagani, shu bois ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinganini ma’lum qilishgan.

Talabalarga ko‘ra, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida bir yillik o‘qish narxi 3 ming dollarni tashkil etgan. Stomatologiya va davolash ishlari fakultetida o‘qish 3+2 shaklidagi qo‘shma dastur asosida tashkil etilishi aytilgan. Ya’ni talabalar 3 yil O‘zbekistonda, 2 yil esa Rossiyada tahsil olishlari kerak bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyadagi oliy ta’lim muassasasida o‘qimasligi aniq bo‘lib ulgurgan talabalar allaqachon Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari safidan chetlashtirib bo‘lishgan.

So‘nggi chora sifatida prezidentga murojaat yo‘llagan, Rossiyada sarson bo‘layotgan o‘zbekistonlik talabalarning muammolari yuzasidan hozirgacha hech bir rasmiy idora bayonot bergani, munosabat bildirgani yo‘q.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ro‘y bergan hodisa yuzasidan Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori Akmal Siddiqov zudlik bilan izoh berishi kerakligini ta’kidlamoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Krasnodarda bo‘lib turgan bir necha o‘zbekistonlik yoshlarning Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti vakillari tomonidan aldanib, hozir ko‘chada qolib ketganligi haqidagi videomurojaatni men ham yuragim ezilib, dilxun bo‘lib ko‘rdim.

Xulosa bitta: Qonun ishlasin. Rektormi, vazirmi, farqi yo‘q, qonun buzildimi, marhamat qilib o‘zi javobini bersin.

Bu masala bo‘yicha to‘liq mas’uliyat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘ynida bo‘lsa-da, nima uchun tezkor chora ko‘rilmayapti?

Ayni bir paytda qonunchilikda shunday muttahamlik uchun tirqish qoldirganimizdan biz deputatlar ham jim o‘tirishga haqqimiz yo‘q. Vakolatli organlarga Deputatlik so‘rovi yuboramiz. Parlament bu masalani alohida nazoratga oladi", deb aytgan deputat.

Odiljon Tojiyev bolalarning kelajagiga aniqlik kiritish, so‘ngra bu chalkash ishlarga bosh qo‘shganlarning masalasi ko‘rilishi kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti sog‘liqni saqlash, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, xodimlarni kasbiy rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish hamda tibbiyot tashkilotlari, shu jumladan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan.