2022 yilda yana 5ta oliy ta'lim muassasasi tashkil etiladi


Oliy ma'lumotli kadrlar sonini oshirish maqsadida 2022 yilda oliygohlar soni yana 5taga oshirilib, 115taga yetkaziladi. 2021 yilda esa ularning soni 110tani tashkil etgan. Bu haqda 2022 yil uchun ishlab chiqilgan budjetnomada ma'lumot berilmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar sonini 2 barobarga oshirish belgilangan bo‘lib, qabul kvotasi 3600tagacha ko‘payishi rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun 2022 yilda 453,6 mlrd so‘m yoki 2021 yilga nisbatan qo‘shimcha 186 mlrd so‘m ajratiladi.

Oliy ta'lim xarajatlarining davlat budjeti jami xarajatlariga nisbatan ulushi joriy yilda 1,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yilda bu ko‘rsatkich 1,6 foizga yetishi ko‘zda tutilgan.

2022 yilda davlat budjetining ta'lim sohasiga ajratgan xarajatlari 46,9 trln so‘m miqdorida yoki budjet jami xarajatlarining 21,9 foizini tashkil etishi belgilanmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2018 yilda 11ta, 2019 yilda 10ta, 2020 yilda 7ta va 2021 yilda 4ta yangi oliy ta'lim muassasasi ochilgan.