O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga sharh e’lon qilindi.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni keskin ortib bormoqda. Yildan-yilga o‘sish o‘rtacha 10 foizni tashkil etib, xususan, 2016 yilda 663 ming, 2017 yilda 729 ming nafardan ziyod abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018 yilda oliy ta’lim muassasalariga 810 mingdan ortiq abituriyentning hujjat topshirishi kutilmoqda.
Abituriyentlar sonining keskin o‘sishi mos ravishda auditoriya nazoratchilari sonining va test materiallari hajmining ortib borishiga hamda test sinovlarini o‘tkazishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qator muammolarni yuzaga keltirgan. Jumladan, auditoriya nazoratchilarining test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega emasligi hamda ularning javobgarlik darajalari aniq belgilanmagani, test sinovlari uchun tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi mavjud talablarga javob bermasligi, binolarning oliy ta’lim muassasalari bosh shtabidan uzoq masofada va tarqoq joylashgani, binolarning shaxsni aniqlovchi foto- va video qurilmalari, test sinovlarida foydalanishi man etilgan vositalarni aniqlovchi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlanmaganligi, auditoriyalarda videokuzatuv kameralarining mavjud emasligi test sinovlarini o‘tkazish jarayonining shaffofligini ta’minlash va uni nazorat qilish sifatining tushib ketishiga olib kelgan.
Bundan tashqari, test sinovlarini o‘tkazishning amalda bo‘lgan tartibi test natijalarini qisqa muddatda hisoblab chiqarish imkonini bermagan.
Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini yetarli darajada ta’minlash imkonini bermagan va oqibatda abituriyentlar hamda ularning ota-onalari e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Prezidentning mazkur qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etib o‘tilgan muammolarning o‘z yechimini topishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu qarorga ko‘ra, 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi va test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu hujjatda abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz" Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qo‘shimcha yig‘ma pavilonlar o‘rnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sig‘imdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini ta’minlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga ko‘rsatib o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.
Test sinovlarini havfsiz o‘tkazish hamda test sinovlari jarayonida uchraydigan salbiy holatlarning oldini olish, test sinovlari jarayonini onlayn yoritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videofiksatsiya qurilmalari, metallodetektorlar, monitorlar va yig‘ma pavilonlarni respublikada amalga oshirilayotgan “Xavfsiz shahar" tizimi doirasida xarid qilinishi va uni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini ta’minlash vazifasi belgilandi.
Shu bilan bir qatorda, qarorda Davlat test markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Adliya vazirliklariga bir oy muddatda test sinovlarini o‘tkazish jarayoni ishtirokchilarining mas`uliyatini yanada oshirish va ularning javobgarligini belgilash bo‘yicha qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish vazifasi topshirildi.
Test sinovlari jarayonlarini muntazam rivojlantirib borish, test topshiriqlarining sifatini oshirish, testologiya fani bo‘yicha xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganish hamda ularni amalda tatbiq etish maqsadida ilg‘or xorijiy o‘quv va ilmiy muassasalarda mutaxassislar malakasini doimiy oshirib borish ham qarorda o‘z aksini topgan.
Qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarishni ta’minlash maqsadida Davlat test markazining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hamda oliy ta’lim muassasalarining oshirilgan to‘lov-kontrakt tushumlari (5 foizgacha miqdorda) hisobidan Davlat test markazi huzurida “Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi"ni tashkil etilishi ham belgilab qo‘yilgan.
Mazkur jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlar uchun foydalanilishi nazarda tutilgan:
• Davlat test markazining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
• xorijiy davlatlarning o‘quv va ilmiy muassasalarida Davlat test markazi xodimlarining malakasini oshirish;
• Davlat test markazi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qarorda belgilab berilgan maqsad va vazifalar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun bilimli, iqtidorli va munosib nomzodlarni tanlab olishga zamin yaratadi.