11 yillik taʼlim tizimi oʻquvchilar oʻrtasidagi jinoyatchilikni 2,5 barobarga kamaytirdi


2017-yildan eʼtiboran mamlakatimizda toʻliq 9+3=12 yillik taʼlim tizimidan 11 yillik oʻqishga oʻtildi. Natijada, maktab va kollej oʻquvchilari tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 2,5 barobarga kamayishiga erishildi. Shu bilan birga, koʻpchilik ota-onalar tomonidan bu qaror toʻgʻri qaror ekanligi eʼtirof etildi.

Bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida 9 942 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 6,2 million nafarga yaqin oʻquvchi tahsil olayotgan boʻlib, ularga 481 ming nafar oʻqituvchi taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan turli gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Aytish joizki, bugun xalq taʼlimi sohasida tarbiyasi ogʻir, huquqbuzarlik sodir etishga moyil oʻquvchilar bilan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

“Davomat", “Oʻquvchi" tadbirlari maktabga muntazam kelmayotgan oʻquvchilarni maktabga qaytarish choralarini koʻrish maqsadida joriy etilgan.

Gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishga moyil boʻlgan oʻquvchilarni maktabning ichki nazoratiga olinishi tizimining mavjudligi bunday kategoriyadagi oʻquvchilar tomonidan keyinchalik jinoyatlar sodir etilishining oldini olishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, soʻnggi yillar davomida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida sodir etilgan jinoyatchilikning koeffitsenti tahlil qilinganda 2016-yilda har 10 ming nafar oʻquvchidan 0,9 nafari jinoyat sodir etgan, 2017-yilda ushbu koʻrsatgich 0,8 oʻquvchi, 2018-yilga kelib 0,8 oʻquvchini tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilning 12 oyi holatiga 0,7 oʻquvchini tashkil qildi.

Kasb-hunar taʼlimi tizimidagi holatni tahlil qiladigan boʻlsak mazkur koʻrsatkich 2016-yilda — 10 oʻquvchi, 2017-yilda— 10, 2018-yilda— 9, 2019-yilda— 8 ni tashkil qilgan.

Mamlakatimizda 11 yillik taʼlimning qayta tiklanishi natijasida respublikada jami voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning koeffitsenti 2016-yilda — 2,4 ni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda mazkur koʻrsatgich 1,0 ni tashkil etdi. Mazkur holat 11 yillik taʼlim tizimiga qaytish qarori toʻgʻri boʻlganligining yorqin isboti sifatida xizmat qiladi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.

Solishtirish uchun, 2019-yilning yakuni holatiga mazkur koʻrsatgich AQSHda — 44,7 oʻquvchi, Rossiya Federatsiyasida — 23,7 oʻquvchi Qozogʻistonda — 7,6 oʻquvchi, Tojikistonda — 3,6 oʻquvchini tashkil qilgan.