«Uchga» o‘qigan o‘qituvchi sizga dars berishini istarmidingiz? — Rektor


24 fevral kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida televidine, matbuot va internet nashrlar bilan hamkorlikda «Zamonaviy universitet kelajak pedagoglarini tayyorlaydi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda universitetning yangi tayinlangan rektori A.Umarov so‘zga chiqib, amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar to‘g‘risida OAV vakillari bilan ochiq suhbat o‘tkazdi.

— Yaqin-yaqingacha o‘qituvchilik kasbining qadri nihoyatda past edi. Bugun esa vaziyat o‘zgardi. Bugun hech kim o‘qituvchi bo‘lishidan uyalmaydi. Bizning universitetni bitirganlar xalqaro axborot-texnologiyalari, xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘lib chiqishiga qattiy harakat qilamiz. Toshkent davlat pedagogika universitetini raqobatbardosh, malakali pedagog kadrlarni tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasiga aylantiramiz.

Zamonaviy bilimlarga ega bo‘lmagan pedagog zamonaviy davlatda qanday qilib dars bersin, — dedi A.Umarov.

Rektor shuningdek TDPUda olib borilayotgan islohotlarni sanar ekan, maktablarda pedagoglikka yo‘naltirilgan sinflar tashkil qilish haqida to‘xtaldi. Shuningdek, universitet huzurida Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarning amaliyotini oshirish va universitetning yosh bolali talaba qizlari uchun maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil qilinishi aytildi.

— Biz birinchi navbatda talabalarning bilimini oshirishimiz kerak. Yashirmayman, yakuniy nazoratlarda 45 foiz talaba talabga javob bera olmadi. O‘zingiz o‘ylang, o‘zi «uchga» o‘qigan o‘qituvchi sizga dars berishini istarmidingiz? — deya savol berdi rektor.

Anjuman davomida Prezident Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi, xususan, ta’limning 6 yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddatini 3 yil etib belgilash bo‘yicha muassasada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Manba: xabar.uz