Oliy harbiy bojxona institutiga qabul to'g'risidagi nizomga o'zgartirish kiritilishi mumkin


“Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-bandining oltinchi xatboshisiga o‘zgartirish kiritish haqida"gi Davlat bojxona qo‘mitasi qarori normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e`lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2015 yil 4 fevraldagi 01-02/3-07-son qarori (ro‘yxat raqami 2659, 2015 yil 5 mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015 y., 9-son, 107-modda) bilan tasdiqlangan Oliy harbiy bojxona institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilishi nazarda tutilgan:

«Nomzodlarning bo‘yi 165 sm dan (qiz bolalar uchun 160 sm) past bo‘lmasligi lozim.».

Eslatib o‘tamiz, amaldagi nizomga ko‘ra institutga:

  • o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limi ma`lumotiga ega bo‘lgan;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 14 yanvardagi PQ-257-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablariga javob beradigan;
  • harbiy xizmatni o‘tamagan 17 yoshdan 21 yoshgacha (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) bo‘lgan;
  • harbiy ofitserlar tarkibi unvonlariga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilar yoki harbiy xizmatni o‘tagan 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadilar.

Shu paytga qadar nomzodlarning bo‘yi 170 sm dan (qiz bolalar uchun 165 sm) past bo‘lmasligi lozim edi.


Manba: kun.uz