Narxozdagi "tasodif"lar


Taniqli blogger, huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘zining xushnudbek.uz blogida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bu yilgi kirish imtihonlaridagi holatlar haqida Narxozdagi tasodiflar nomli tahliliy maqolasidan so‘ng kun.uz nashri ham bu haqda maqola elon qildi. Ushbu maqolada oliygohdagi bir nechta yo‘nalishlarda "tasodif" deyishga ham til bormaydigan 1-avgust natijalari, ya'ni shubhali ko‘rinish olgan yakuniy ballar haqida so‘z yuritib jamoatchilik etiborini tortgan. Biz ushbu maqolani o‘zgarishlarsiz keltirib o‘tamiz.


Bu yil 1 avgustdagi qabul jarayonlari xalq kutganidek, ya’ni adolatli, qattiqqo‘llik bilan, shaffof tarzda o‘tdi, deya ayta olamizmi?

To‘g‘ri, bir narsani ochiq tan olish kerak, joriy yilda avvalgi yillardan ko‘p yaxshi yangiliklar yo‘lga qo‘yildi. Shaffoflikni ta’minlash uchun zamonaviy texnologiyalar yordamidan foydalanildi. Hukumat alohida bunga e’tibor qaratdi, bosh vazir A.Aripov boshchiligida alohida majlis o‘tkazilib, OTM rektorlari va mas’ullarga jiddiy topshiriqlar berildi, shaxsan o‘zlari imtihon kuni test jarayonlarini bevosita kuzatdi. Lekin bu ishlardan hamma mas’ul rahbarlar ham to‘g‘ri xulosa chiqardimi? Menimcha, yo‘q.

Masalan, bitta misolni aytay. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining (o‘sha mashhur Narxoz) Korporativ boshqaruv yo‘nalishida kirish ballariga e’tibor qilsak, davlat granti uchun o‘tish balli 214,2, kontraktning eng oxirgi balli esa 163,8 bo‘lgan.

Lekin eeeeeng qizig‘i kira olmaganlar, ya’ni chiziqdan pastdagilarning birinchi o‘rnida turgan abituriyent 97,3 ball to‘plagan. Undan keyingi abituriyentlar 87, 84, 83, 80 ball olishgan. Tasavvur qilyapsizmi?! Yo‘q, Siz farqni tasavvur qilyapsizmi, salkam 70 ball?!!!


Ma’lumot uchun, ushbu yo‘nalishga 257 kishi topshirgan. 4 ta budjet, 66 ta kontrakt olishgan. Demak, birinchi 70 nafar abituriyent 163 balldan ko‘p to‘plashganu, keyingi 187 nafar abituriyentlar negadir 100 balldan kam olishgan. O‘ta aqllilar va o‘ta bilimsizlar topshirgan ekanda unda?

O‘tgan yili xuddi shu yo‘nalishga 53 ta o‘rin berilgan, ya’ni bu yilgidan 17 ta kam. Lekin shunga qaramasdan o‘tgan yili ball aksincha past bo‘lgan – 155,4! Bir yilda shunchalik vunderkindlar ko‘payib ketibdi-da? Mantiq ishlamay qoldi.

Ushbu suratni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilganimdan so‘ng, ko‘plab foydalanuvchilar talabalikka tavsiya etilganlarning javoblar varaqasi raqamiga e’tibor qaratishdi. Xususan, Yolqin Muqimov nomli foydalanuvchi Korporativ boshqaruv yo‘nalishiga kirgan talabalarning javoblar varag‘i raqamini tahlil qilib, quyidagi fikrlarni bildirdi:

Xullas, o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning DTM kodlariga e’tibor qiling. Bir qarashda hech qanday g‘ayrioddiylikni sezmaysiz. Chunki kodlar aralash holatda turibdi. Lekin bu DTM kodlarni tartib bo‘yicha joylashtirsak, “ajoyib" manzaraning guvohi bo‘lasiz. Diqqat qiling, O‘QIShGA KIRGAN BARChA ABITURIYENTLARNING DTM KODLARI KETMA-KET kelgan raqamlardan iborat:
7271171 raqamidan to 7271180 raqamigacha; (jami 10 ta)
7271201 raqamidan to 7271211 raqamigacha; (jami 11 ta)
7271231 raqamidan to 7271241 raqamigacha; (jami 11 ta)
7271280 raqamidan to 7271300 raqamigacha; (bitta badbaxt 72721289 raqamini istisno qilganda, jami 20 ta)
7271351 raqamidan to 7271362 raqamigacha; (jami 12 ta)
7677930 raqamidan to 7673035 raqamigacha. (jami 6 ta)
Hammasi bo‘lib 70 ta.
Bu abituriyentlar yonma-yon partalarda, bitta auditoriyada o‘tirganiga shubha yo‘q. O‘qishga kira olmagan “yetimcha" abituriyentlar esa qolgan gruppalarda tarqalib qolibdi. Aqalli bitta kod topolmadim-e “osmondan tushgan". Siz-chi, siz topdingizmi?

Yoki Narxozdagi yana bir misolga e’tibor qiling. Menejment yo‘nalishining rus guruhlariga jami 15 kishi (1 ta grant, 14 ta kontrakt) olishgan va unga 48 kishi hujjat topshirgan. Shunda kontraktning eng oxirgi balli 175,6 ball bo‘lgan, ammo chiziqdan pastdagi 1-abituriyentning balli 72,5 ball! Tasavvur qilyapsizmi, 103 ballik farq bor!


Endi xuddi shu yo‘nalishga kirgan abituriyentlarning javoblar varaqasi kodiga e’tibor qiling.

7677476, 7677477, 7677478, …79, …80, …81, …82, …83, …84, …85, …86, …87, …88, …89, …90.

Bu nima degani, bilasizmi? Bu o‘qishga kirgan “geniylar"ning hammasi bitta auditoriyada test topshirgan degani. Voh, qanchalik omadli xona ekan-a, unga kirgan hamma talaba bo‘lib ketibdi. Masjidni ichida topshirishdimikin, nima balo, bunchalar omadi kelmasa ularning?

Yoki Statistika yo‘nalishini olaylik. Unga 60 kishi qabul qilingan (5 ta grant, 55 ta kontrakt) va 200 kishi hujjat topshirgan. Kontraktga kirish balli 177,7 ball bo‘lgan. Kirolmaganlarning 1-o‘rinida turgan abituriyent esa atigi 87,1 ball to‘plabdi. Oradagi farq 90 ball!!!


Demak, joriy yili Narxozda imtihon emas, balki geniylar va bilimsizlarning ijodiy uchrashuvi o‘tkazilibdi-da?! Universitet ma’muriyati, Sizlarga katta rahmat. Mana shunday ajoyib uchrashuv tashkil etganingiz, bilimsiz yoshlarimizni o‘ta aqlli daholar bilan yuzma-yuz uchrashtirganingiz uchun rahmat! Bu loyihani yaxshi o‘ylabsiz, aqllilarni ko‘rib, bilimi pastlar yanada olg‘a intiladi, ishtiyoqi ortadi. Qoyil, qoyil Sizlarga! Bunday loyihangiz uchun medal berish kerak har biringizga! Faqat hamma aqllilar bitta xonaga tushib qolgani chatoq bo‘libdida, qolganlar ko‘roldimikin ularni?

Tasodif deysizmi? Tasodiflar tasodif emas, degan mashhur gap bo‘lardi.

Xo‘sh, aytingchi, bu shunchaki tasodif ekanligiga, bu yerda hech qanday “sxema" ishlatilmaganiga kimni ishontira olasiz? Kimni? Xalqni shunchalik ahmoq deb o‘ylashadimi ayrim vijdonini pulga sotayotgan “uddaburon"lar!

Balki Narxozdagilarga mening bu gaplarim yoqmas, balki meni isbot va dalillarsiz nohaq gumon qilayotganlikda ayblashar. Lekin agar istashsa, o‘sha kirgan talabalar va kira olmay qolgan soxta “abituriyentlar" bilan suhbat qilib, kalavaning uchiga bir kundayoq yetish mumkin. Faqat bu ko‘pchilikka yoqmasligi aniq.

Mayli, ilohim, shunaqa yo‘l bilan pul topib, mamlakatimiz ta’lim tizimiga putur yetkazayotgan va yurt kelajagiga bolta urayotganlarga O‘zi kifoya qilsin! Teshib chiqsin topgan pullari! Teshib chiqadiyam hali. Hali ular jazosiz qolmaydi. Hukumatdagilar ham bundaylarga jim qarab turmaydi, arqonni uzun tashlab qo‘yishganiga ortiqcha ishonib yuborishyapti, shekilli. Tortilganda qattiq bo‘g‘ilishadi. Ishqilib, tezroq tortilsinda o‘sha arqon.

Bunga qanday jim qarab turish mumkin. Bu bo‘yicha albatta tegishli tashkilotlar tekshirish o‘tkazishi shart! Bugun jimgina tomoshabin bo‘lib tursak, ertaga bunday o‘yinlarni qilgan noinsoflar pul uchun butun millatni sotib yuborishi ham hech gap emas.

Siz ham buni ulashing, boshqa shunday holatlar haqida bilsangiz, unda biz bilan o‘rtoqlashing. Juda ko‘p sohalarda yaxshi o‘zgarishlar bo‘lyapti, ko‘ryapmiz. Shunaqa paytda biz ham jamoatchilik nazorati sifatida hukumatga, davlatga yordam berishimiz kerak.