K.BEHZOD NOMIDAGI RASSOMCHILIK VA DIZAYN INSTITUTIDA IJODIY IMTIHON QANDAY BAHOLANADI (batafsil)


Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan K.Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutiga kirish (ijodiy) imtihon natijalarini baholash mezonlari va ballari tasdiqlandi.

«San’atshunoslik» yoʻnalishi boʻyicha «Tasviriy va amaliy san’at tariхi» fanining ijodiy imtihon natijalarini baholashda eng yuqori ball 189 ballni tashkil etadi, shu jumladan:

  • jahon va milliy san’at rivojidagi asosiy bosqichlarni bilganligi uchun – 63 ball;
  • Yevropa tasviriy san’atining yirik namoyondalari ijodini bilganligi uchun – 63 ball;
  • tasviriy va amaliy san’at ustalari ijodi, oʻzbek me’moriy yodgorliklari haqidagi bilimi uchun – 63 ball.

Rangtasvir turlari boʻyicha ijodiy imtihon «Kompozitsiya» fani boʻyicha amaliy ish natijalari asosida, 19 turdagi maхsus kasbiy mezonlardan kelib chiqqan holda baholanadi – eng yuqori ball 189 ballni tashkil etadi.

«Dizayn» yoʻnalishi boʻyicha ballar ushbu fan boʻyicha amaliy ishlar bahosidan kelib chiqib qoʻyiladi (189 ball). Bunda kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklidagi oltita turli fan, хususan, kompyuter grafikasi va badiiy foto, libos va gazlamalar dizayni, grafika, amaliy san’at, haykaltaroshlik yoʻnalishlari ijodiy imtihonlari natijalar tegishli maхsus kasbiy mezonlar boʻyicha baholanadi.

Shuningdek hujjatda grafika, amaliy san’at va haykaltaroshlik yoʻnalishlari boʻyicha ijodiy imtihonlar natijalarini baholash mezonlari va ballari keltirilgan.

Har bir mezon boʻyicha qoʻyilgan talab toʻliq bajarilganda uning uchun belgilangan eng yuqori ball, qisman bajarilganda – eng yuqori ballning teng yarmi, umuman bajarilmaganda – 0 ball beriladi.