Abituriyentlarni nimalar kutyapti? - imtihonlar bo‘yicha asosiy yangiliklar


Kirish imtihonlarida 1 mln abituriyent qatnashishi prognoz qilinyapti. Bu yil abituriyentlar uchun katta yangiliklar ko‘p emas. 5 ta fandan imtihon topshirish, 5 ta yo‘nalishni tanlash kabi tartiblarga allaqachon moslashib bo‘lindi. Biroq shunda ham abituriyentlar bilib qo‘yishi kerak bo‘lgan yangiliklar yetarlicha.

Imtihon yana ochiq havoda bo‘ladimi?

Hozircha bu aniq emas.

DTMning ma’lum qilishicha, test sinovlarini o‘tkazish uchun binolar ro‘yxati 2 xil variantda shakllantirilgan. Agar pandemiya vaziyati bo‘lmasa, 99 ta katta sig‘imdagi an’anaviy binolarda imtihon o‘tadi. Agar pandemiya bo‘lsa, 53 ta stadion va xiyobonda imtihonlar o‘tkaziladi.

Mutaxassislik fanlari darajalanmoqda

Oldingi yilgi qabulda mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga teng – 3,1 balldan berilgan edi. Bu yil esa shu 2 ta fan muhimliligiga qarab darajalandi.

Masalan, matematika yo‘nalishi uchun 1-fan matematika (har to‘g‘ri javobga 3,1 balldan) , 2-fan esa fizika (har to‘g‘ri javobga 2,1 balldan) bo‘ldi.

Bu o‘zgarishga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov izoh bergandi.

“Oldingi yil mutaxassislik blokidagi 2 ta fanga bir xil ball berilgan bo‘lsa, bu yil birinchi fanga 3,1 balldan, ikkinchi fanga 2,1 balldan beriladi. Bunday o‘zgarishning sababi bor. Masalan, matematika yo‘nalishiga matematikadan, fizika yo‘nalishiga esa fizikadan bilimi yuqori yoshlar kirishi kerak. Oldingi yil esa aksincha bo‘lgan holatlar ham bo‘ldi: fizikani yaxshiroq biladigan bola matematikaga o‘qishga kirib qiynalgan holatlar bo‘ldi.

Bundan tashqari, bir xil ball berish bir semestr o‘qish tugagandan so‘ng talabalar o‘zi yaxshiroq bilgan yo‘nalishga o‘qishini ko‘chirishga harakat qilish holatlariga ham olib keladi", – deya izoh berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

5 ta yo‘nalish tanlash qamrovi ham torayadi

Mutaxassislik fanlarining darajalanishi abituriyentlarning 5 ta yo‘nalish tanlash imkoniga ham ta’sir qiladi. Endi abituriyentlar o‘tgan yilgidek mutaxassislik blokida mavjud 2 ta fanga qarab emas, balki ularning birinchi yoki ikkinchi fanligini ham hisobga olib 5 ta OTMni tanlaydi.

Majburiy fanlarga beriladigan ball kamaydi

Barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan 3 ta fan – matematika, ona tili va O‘zbekiston tarixi bo‘yicha 10 tadan jami 30 ta savol tushadi va ularga 1,1 balldan beriladi. (O‘tgan yili majburiy blok uchun 2,1 balldan berilgan)

Majburiy blokdan jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 33 ball.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta fan bo‘yicha esa jami 60 ta savol beriladi. Birinchi fandan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 93 ball, ikkinchi fandan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball esa 63 ball.

Umumiy holda, 2022-2023 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ballni tashkil etadi.

Test ishlashga ajratiladigan vaqt

“Bu yil kirish imtihonlarida abituriyentlarga testlarni ishlash uchun 3 soat vaqt beriladi. Vazirlar Mahkamasining test topshiriqlarini o‘tkazishga oid 261-sonli nizomida 30 ta savol uchun bir soat vaqt berilishi yozilgan. Demak, 90 ta savolga 3 soat vaqt beriladi", deya ma’lumot berdi DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov.

6 ta OTMda test ijodiy imtihonga o‘zgarmoqda

Fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillari instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.

Shuningdek:

  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida chet tilidan test emas, tinglab tushunish, o‘qish, yozish hamda gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadi.

Bunda ushbu OTMlarning birinchi fani chet tili bo‘lgan yo‘nalishlarida abituriyentlar ijodiy imtihon topshiradi. DTM ingliz tili bo‘yicha ijodiy imtihonni kompyuter variantda, qolgan tillar bo‘yicha esa qog‘oz variantda olishni reja qilgan.

Bu yo‘nalishlarga topshiradigan abituriyentlar uchun eng murakkab va tavakkalli tomoni – ular mana shu 6 ta OTM doirasidagina 5 ta yo‘nalish tanlashi mumkin bo‘ladi. Sababi boshqa OTMlarda chet tili imtihoni test ko‘rinishida olinadi va savollar turi bir-biridan farq qiladi.

Ba’zi yo‘nalishlarda imtihon olinadigan fanlar o‘zgargan

Davlat OTMlarida ta’lim yo‘nalishlari soni – 461ta, shundan 7 foizida 2 ta fanning o‘rni o‘zgargan. Bitta fan o‘zgargan ta’lim yo‘nalishlari esa 2,8 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, faqatgina bitta yo‘nalish – biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishida mutaxassislik fanlari butunlay o‘zgargan.

Jumladan, filologiya va o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishlarida ham ikkinchi fan – tarix o‘rniga chet tili kiritildi.

Test topshirish uchun to‘lovdan ozod qilinuvchilar ro‘yxati kengaygan

Maktab yoki kollej, litseyni bir yil avval tugatgan abituriyentlarning barchasi kirish imtihonlarida qatnashish uchun pul to‘laydi. Bu yildan boshlab kirish imtihonlari uchun to‘lov undirilmaydigan abituriyentlar toifasiga:

  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari;
  • “Yoshlar daftari"da ro‘yxatda turuvchi yoshlar ham kiritildi.

Bungacha ozod qilinganlar ro‘yxatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va mehribonlik uylari bolalari, bolalar shaharchasining bitiruvchilari bor edi.