Toshkentda Vebster universiteti filiali qachon ish boshlashi ma`lum


Bugun, 4 dekabr kuni Vebster universitetining vitse-prezident Piter Maxer boshchiligidagi delegatsiyasi Toshkentga keldi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tashrif maqsadi – O‘zbekiston tomoni bilan Toshkent shahrida Vebster universiteti filialining ochilishiga bog‘liq bo‘lgan texnik, yuridik va moliyaviy masalalarni muhokama qilish, hamda uni yangi o‘quv yili – 2018 yilning sentabridan faoliyat ko‘rsatishni boshlashi haqida kelishuvga erishish.

Toshkentda AQSh oliy ta`lim muassasasining birinchi filialini ochish bo‘yicha O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Vebster universiteti o‘rtasidagi tegishli kelishuv O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka sentabr oyida amalga oshirgan tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi yakunlari bo‘yicha imzolandi.

Vebster universiteti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi dasturidan Oliy va o‘rta maxsus, Maktabgacha ta`lim, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarida qator uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda Vebster universiteti filiali faoliyatining tashkiliy-huquqiy jihatlarini muhokama qiladilar, shuningdek tashkil etilayotgan oliy ta`lim muassasasining o‘quv dasturlarini muvofiqlashtiradilar.

Rejalarga ko‘ra, Vebster universiteti filialida o‘zbekistonlik talabalar «Axborot texnologiyalari», «Axborot xavfsizligi», «OAV rivojlanishi», «Biznes», «Tabiiy fanlar» va «Pedagogika» kabi ta`lim yo‘nalishlarida bakalavr hamda magistr darajasini olishlari mumkin bo‘ladi. Darslar Amerika oliy ta`lim muassasasi professorlari va mahalliy o‘qituvchilarni jalb etgan holda ingliz tilida olib boriladi.

Vebster universiteti 1915 yilda Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida tashkil etilgan. U 7 ta xalqaro filialga ega - Shveytsariya, Avstriya, Gretsiya, Hollandiya, Xitoy, Tailand va Gana. 2017 yildagi Amerikaning eng yaxshi universitetlari reytingida 24-o‘rinni egalladi.


Manba: kun.uz