Respublika sport musobaqalari gʻoliblari uchun imtiyozlar nega bekor qilindi?


AOKAda sport musobaqalari gʻoliblarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Rahimjon Hakimov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri oʻrinbosari:

— Oʻzbekiston Prezidentining “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida"gi Qaroriga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari va jahon chempionatlarida oxirgi uch yilda gʻolib va sovrindor (1–3-oʻrin) boʻlgan sportchi-oʻquvchilar davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shakllariga qoʻshimcha davlat granti asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Ilgari bu imtiyoz respublika sport musobaqalarida gʻalaba qozongan sportchilarga nisbatan ham bor edi. Joriy yildan ushbu imtiyoz bekor qilindi.

Imtiyozga ega sportchilar qaysi yoʻnalishlarga imtihonsiz kira oladi? Bu borada hozirda tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda va yaqin orada eʼlon qilinadi.

Nima uchun respublika musobaqalaridagi imtiyoz bekor qilindi? Tahlillar shuni koʻrsatdiki, sport musobaqalari faqatgina oliy taʼlim muassasiga imtihonsiz kirishga yoʻllanma uchun tashkil etilayotgandek boʻlib qolmoqda. Turli federatsiyalar kerak boʻlmagan vaziyatlarda ham respublika chempionatlarini tashkil etib, imtiyozlar uchun yoʻllanmalar taqdim etmoqdalar. Maqsad — yoshlarni sportga jalb etish yoki qiziqtirish emas, yoʻllanmaga ega chiqish boʻlib qolgan holatlar ham mavjud. Shu bois koʻplab yoshlarning taklifi asosida ana shunday qaror qabul qilindi.

Abdulaziz Akkulov, Turizm va sport vaziri oʻrinbosari:

— Ilgari respublika sport musobaqalarida gʻalab qozongan sportchilar uchun barcha yoʻnalishlarga imtihonsiz kirish imkoniyati berilgan. Bu nafaqat taʼlim tizimi, balki oʻsha talabaning oʻziga ham zarar keltirgan.

Masalan, yillar davomida huquqshunoslikni oʻqib kelgan talabalar orasiga imtiyoz bilan oʻqishga kirgan sportchi tushib qoladi. U na sportni davom ettira oladi, na yuridik sohada mutaxassislikka erishadi. Prezident Qarori ana shunday muammolarning oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Qaror qabul qilingach, koʻplab ota-onalarning takliflarini ham eshitdik. Endilikda respublika sport musobaqalarida gʻalaba qozongan sportchilarga sport yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda muayyan imtiyozlar beriladi.