O‘zbekistonda OTMga kirish uchun berilgan imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi


O‘zbekiston OTMlariga kirish uchun berilgan imtiyozlar xatlovdan o‘tkazilib, qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroridagi dasturda belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, OTMlarga kirish uchun berilgan imtiyozlarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ko‘rib chiqqan holda yagona hujjatda qat’iy ro‘yxatini shakllantirish hamda ushbu imtiyozlarni umumiy kvotaga kiritmaslik to‘g‘risidagi qoida belgilanadi.

Bunda:

  • OTMlarga o‘qishga kirishda imtiyozlar berishni to‘liq raqamlashtirish hamda elektron platforma orqali amalga oshirilishini yo‘lga qo‘yish;
  • o‘qishga kirishda imtiyozlar berishning shaffof tartibini belgilash ko‘zda tutilgan.

OTMlarga o‘qishga kirish uchun ijodiy imtihonlarni (jismoniy tarbiya, rassomchilik va.h.k.) hamda yakuniy imtihonlarni topshirishda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish ishlari amalga oshiriladi.

OTMlardagi talabalar turar joylari (yotoqxona) bilan talabalarni ta’minlash va joylashtirishning elektron tizimi joriy etiladi.

Bundan tashqari, bir OTMdan boshqa oliygohga ko‘chirish (shu jumladan, chet eldan) jarayonini raqamlashtirish, shuningdek, ikkinchi mutaxassislikka hamda hamkor chet el oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda qo‘shma o‘quv dasturlariga qabul qilish va talabalar hisobini yuritishda shaffoflikni ta’minlash choralari ko‘riladi.

Ushbu hujjat muhokamasi 15-maygacha davom etadi.