Namanganda Rossiyaning Yadro tadqiqotlari instituti bilan hamkorlik o‘rnatildi


Rossiyaning Dubna shahrida joylashgan Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti «Nazariy fizika» laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Avazbek Nosirov Namangan muhandislik-texnologiya institutiga tashrif buyurdi.

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan mehmon institut talabalari va yosh tadqiqotchilari uchun fizika fanidan master-klass o‘tdi, deb xabar bermoqda institut axborot xizmati.

NamMTI rahbariyati, talaba yoshlar, professor-o‘qituvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda rossiyalik olim Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti faoliyati, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi.

Muloqot yakunida Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Birlashgan Yadro tadqiqotlari instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi ishlab chiqildi hamda uni tez kunlarda imzolashga kelishib olindi.

Manba: xabar.uz