Imtiyozga ega abituriyentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar e'lon qilindi


Davlat test markazining mandat.dtm.uz saytiga xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun beriladigan imtiyozga ega abituriyentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar joylashtirildi.

DTM xabariga ko‘ra, mazkur imtiyozlardan biriga ega bo‘lgan abituriyent mandat.dtm.uz saytining «Imtiyozli» bo‘limidan tegishli imtiyoz turini tanlagan holda ushbu imtiyozga ega abituriyentlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rishi va imtiyoz doirasida nechanchi o‘rinda turganini bilishi mumkin.

Bunda abituriyentlarning ro‘yxati ularning to‘plagan ballari asosida tartiblanadi va mazkur imtiyoz doirasida ajratilgan qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari soni ko‘rsatiladi.

Xotin-qizlar uchun beriladigan imtiyoz abituriyent qaysi oliy ta'lim muassasasiga topshirganidan qat'iy nazar uning doimiy ro‘yxatda turgan manzili asosida qo‘llaniladi va kunduzgi ta'lim shakli uchun o‘rinli hisoblanadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun beriladigan imtiyoz esa har bir ta'lim shakli uchun oliy ta'lim muassasasi kesimida qo‘llaniladi.

Qayd etilishicha, imtiyoz doirasida talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar barcha abituriyentlar kabi umumiy tanlovda ham ishtirok etadi.