Harbiy aloqa instituti kursantlari uchun unutilmas kun


Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida bir guruh kursantlarning Harbiy qasamyod qabul qilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Unda oliy harbiy bilim yurti rahbariyati va shaxsiy tarkibi, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – mustaqillik kuni Mudofaa vazirligi tizimidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining Harbiy qasamyod qabul qilishidan xabaringiz bor. Yuqoridagi tadbirning belgilangan sanadan bir oz ilgari o‘tkazilishiga sabab bor, albatta.

Tantana sababchilari mamlakatimiz bilan boshqa davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan xalqaro harbiy hamkorlikning harbiy ta’lim yo‘nalishi doirasida o‘qish uchun chet elga yo‘l olishadi.





– Xursandchiligimning cheki yo‘q, – deydi kursant Azimjon Umarov. – Bu kunni, harbiy kiyim kiyishni orzu qilardim. Niyatimga yetdim. Vatandan yiroqda bo‘lsa-da o‘z kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun astoydil o‘qiyman. O‘qishda va xizmatda ilg‘orlar safida bo‘lishimga ishonaman.


Tadbirda yoshi kattalar qatori jajji bolajonlar ham ishtirok etishdi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 191-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilari voqealarni qiziqish va yoshlarga xos hayrat bilan kuzatishdi. Rasmiy qism yakunlangach, ular uchun institut bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Bolajonlar Harbiy qasamyod nima ekani-yu, kattalar nega bir-birini qutlab, xursandchilik qilayotganining sababini chuqur anglab yetmas, balki. Ammo ulg‘ayishgach, bularni tushunishadi.

Muhimi, ularning qalblariga vatanparvarlik tushunchalarining urug‘lari ekilmoqda. Vaqti kelib, kerakli parvarishlar o‘z mevasini berishiga ishonamiz.