«Ayrim harbiy xizmatchilarning bolalari 25 martagacha maktab almashtirgan» - vazirlik mulozimi


Harbiy xizmatchilarning farzandlariga OTMga kirishda imtiyoz berilishi qolgan abituriyentlar uchun adolatsizlik emasmi, deya berilgan savolga Mudofaa vazirligi rasmiylari javob berdi.

Vazirlikning Kadrlar bosh boshqarmasi mas'ul xodimi Shermuhammad Saidahmadovning izohlashicha, harbiy xizmatchilarning farzandlari ma'lum sabablarga ko‘ra ko‘plab marta maktabini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi, bu esa ularning bilim olishiga ta'sir qiladi.

«Harbiy xizmatchi 20–25 yil xizmat qiladigan bo‘lsa, xizmati davomida bir joydan boshqa joyga ko‘chib yuradi. Aniqlashimizcha, hatto shunaqa harbiy xizmatchilar bor ekanki, farzandi 20, 25 marta maktab almashtirgan.

Tasavvur qiling, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, yangi ijtimoiy muhitga, jamoaga moslashib ketish qanchalik qiyin, bularning barchasi o‘qish jarayoniga bevosita ta'sir qiladi. Shu sababli prezidentimiz o‘zlari aytdilarki, biz harbiy xizmatchilarga ko‘mak bermasak bo‘lmaydi.

Prezident qaroriga asosan, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun respublika oliy ta'lim muassasalariga bor-yo‘g‘i 5 foizlik davlat granti asosida qabul kvotasi ajratilyapti xolos. Davlat tomonidan ko‘mak berilmasa bo‘lmaydi, bu imtiyozlar sharoitdan kelib chiqqan holatda berilyapti», – deya Shermuhammad Saidahmadovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mulozimning ta'kidlashicha, harbiylarning farzandlari uchun ko‘zda tutilgan imtiyoz birinchi navbatda burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga taqdim etiladi.

«Imtiyoz birinchi navbatda burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladi. Ular tanlovda qatnashishmaydi, balki imtihonlarsiz talabalar safiga qabul qilinishadi. Qolgan imtiyozlar jangovar xizmatda yaxshi natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladi.

2020 yilda harbiy xizmatchilarning mingga yaqin farzandlariga imtiyoz berildi. Shundan 600dan ziyodi o‘qishga kirdi. Lekin bu bir yilgi ko‘rsatkich xolos. O‘tgan yili imtihondan o‘tolmaganlar 2021 yilda ham, undan keyingi yili ham imtiyozidan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Imtiyoz uch yilga beriladi.

Ammo imtiyoz berilgani bilan abituriyent minimal ballni jamg‘arishi kerak. Harbiy xizmatchilarning shunaqa farzandlari ham borki, o‘sha minimal ballni olishga ham bilimi yetmayapti», – dedi Shermuhammad Saidahmadov.

Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 4 iyuldagi 2-son bayoniga ko‘ra, 2020 yilda ushbu grant kvotasining miqdori 888 tani tashkil etgan. Undan 44 foizi (390 ta o‘rin) Mudofaa vazirligiga, 10 foizi (89 o‘rin) Ichki ishlar vazirligiga, 3 foizi (27 o‘rin) Favqulodda vaziyatlar vazirligiga, 30 foiz Davlat xavfsizlik xizmatiga (266 o‘rin), 1 foizi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga (9 o‘rin), 10 foizi Milliy gvardiyaga (89 o‘rin), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xavfsizlik xizmatiga 2 foiz (18 o‘rin) kvota ajratilgan.

Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)da harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari OTMlarga kirishda ajratilgan 5 foizli qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

Harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamda harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yaradorlik, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)ning harbiy xizmatchilarining farzandlari OTMlarga kirishda belgilangan qabul ko‘rsatkichlaridan tashqari tanlovsiz davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etiladi.