«Jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi.
Hujjat bilan shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:
- Universitetga o‘qishga qabul qilish tanlov asosida, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ehtiyojini hisobga olgan holda har yili belgilanadigan kvotalar doirasida amalga oshirilib, ta'lim oluvchilarga o‘rnatilgan tartibda stipendiya (pul ta'minoti) to‘lanadi va moddiy ta'minot belgilanadi;
- Universitet kursantlarini kelgusida harbiy xizmat (xizmat) o‘tash uchun idoralararo taqsimlash ta'lim yo‘nalishlariga muvofiq bitiruv bosqichida amalga oshiriladi;
- Universitet bitiruv bosqichidagi kursantlarning faoliyat sohasi bo‘yicha stajirovkasi o‘qishni tamomlagandan so‘ng harbiy xizmat (xizmat) o‘tash uchun yuborilishi nazarda tutilgan bo‘linmalarda tashkil etiladi;
- Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari (xodimlari) mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari asosida mutaxassislik fanlari bo‘yicha Universitetda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish huquqiga ega;
- Universitet tomonidan Milliy gvardiya akademik litseylarining o‘quv-metodik jarayoni muvofiqlashtiriladi hamda ularga tizimli amaliy va axborot-resurs yordami ko‘rsatiladi;
- Universitetga o‘qishga kiruvchi abituriyentlarning antropometrik parametrlari Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga harbiy xizmat (xizmat)ga qabul qilish talablariga muvofiq tartibda tanlangan mutaxassislikka qarab belgilanadi;
- Universitetning ilmiy va professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida besh yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega shaxslar harbiy xizmatchilar lavozimlari hisobidan tayinlanishi mumkin;
- Universitetning xizmatchilar uchun belgilangan professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlariga tayinlanadigan pedagog xodimlar bilan shartnomalar bir yil muddatga tuziladi.
Qarorga asosan, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligining quyidagi takliflari ma'qullandi:
- Universitetga kunduzgi ta'lim shaklining bakalavriat va magistratura dasturlari bo‘yicha umumiy asoslarda yurisprudensiya, psixologiya va iqtisodiyot sohalarida kadrlarni talabalar tarkibiga kiritgan holda tayyorlash huquqini berish;
- umumiy asoslarda kadrlar tayyorlashni to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirish va bitiruvchilarga «zaxiradagi ofitser» harbiy unvoni va tegishli mutaxassislik bo‘yicha diplom berish.