Chet tilini bilish sertifikati harbiy OTMlar uchun amal qiladimi? - DTM izohi


Chet tilini bilish bo‘yicha B2 va undan yuqori malaka sertifikati olgan shaxslar harbiy bilim yurtlariga hujjat topshirmoqchi bo‘lsa, bu sertifikatlar imtihonda amal qilish-qilmasligini o‘sha bilim yurtidan so‘rab olishlari lozim, dedi DTM rasmiysi.

23 fevral kuni Davlat test markazi mas'ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Markaz boshqarma boshlig‘i Javlonbek Nurmatov savollardan biriga javoban ma'lum qildiki, abituriyentlar o‘zlari hujjat topshiradigan oliy harbiy bilim yurtlaridan tegishli sertifikatlar masalasida aniqlik kiritib olishlari kerak.

«Chet tilini bilish malaka sertifikatlari harbiy bo‘lmagan OTMlarning barchasiga o‘tadi. Agar chet tili u tanlagan yo‘nalishga mos bo‘lsa va fanlar majmuasida bo‘lsa, unga maksimal ball beriladi.

Lekin harbiy OTMlarda bu sertifikat ba'zilarida o‘tadi va aksincha ba'zilarida o‘tmasligi mumkin. Tavsiya qilgan bo‘lardikki, harbiy OTMlarga o‘qishga topshirmoqchi bo‘lganlar o‘sha oliygohdan bilib olishlari kerak.

Bu umumiy emas, har birida o‘ziga xos tartib amal qiladi», – dedi DTM vakili.


Javlonbek Nurmatov o‘qituvchilar uchun testlar vaqtini 10–15 daqiqaga uzaytirish mumkinmi, degan savolga ham javob berdi.

«Test topshiriqlari tegishli nizom asosida, to‘liq approbatsiyadan o‘tgan holda belgilangan. Ayrim holatlarda shunday hodisa kuzatilyaptiki, ayrim o‘qituvchilar vaqtini noto‘g‘ri taqsim qilmoqda. Chunki har bir bo‘lim uchun ajratilgan vaqt juda muhim hisoblanadi. Oxirigacha ulgurish uchun qolgan bo‘limlarga ham o‘z vaqtida ulgurishlari kerak.

Vaqtni samarali sarflamaslik bo‘yicha kuzatiladigan ko‘pchilik holat: o‘qish uchun ajratilgan vaqtni juda ko‘p sarflab, yoki e'tiborini qayta-qayta shunga qaratib, vaqtini yo‘qotib qo‘yadi. Agar barchasiga amal qilinsa, o‘qish, belgilash, bo‘yash uchun vaqt yetarli», – ta'kidladi DTM boshqarma boshlig‘i.