Mudofaa vazirligi qoshidagi oliy harbiy ta'lim muassasalariga joriy mavsumda qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining vatanga qasamyod marosimlari o‘tkazildi.
Qurolli Kuchlar akademiyasida tashkil etilgan shunday tadbirda mazkur yetakchi oliy harbiy ta'lim muassasa va Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari vatanga qasamyod qilishdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokir Sayfuddinov hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zolari va ota-onalar ishtirok etdi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti hududi ham muhim voqea sabab, bayramona tus oldi. Kursantlarning yaqinlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda faxriylar tadbir mehmoni bo‘ldi. Bo‘lajak ofitserlar chin mardlik, sadoqat va sodiqlik so‘zlarini yaqinlari guvohligida ta'kidlab aytdi.
Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham kursantlarning vatanga qasamyod qabul qilish marosimi alohida tayyorgarlik bilan o‘tkazildi.