Iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekistondagi oliy ta'lim muammolariga bag‘ishlangan postini e'lon qildi.
Bundan tashqari, u Toshkent farmatsevtika instituti bitiruvchisi tomonidan suratga olingan videolavhaga izoh berdi.
Avvalroq Toshkent farmatsevtika instituti bitiruvchisi Jamshid Ziyoxonov O‘zbekistondagi oliy ta'lim ahvoli haqida so‘z yuritgandi. Uning qayd etishicha, mamlakat oliy ta'lim tizimi chuqur inqirozda.
Uning fikricha, bunga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:
– ta'lim berish sifatining pastligi, talabalarda zarur rag‘bat hamda ularning bilim va malakalarini nazorat qilishning yo‘qligi;
– fanlarning samarasiz strukturasi, auditoriya ishining haddan ziyod ko‘pligi, mustaqil bilim olishga kuch, vaqt va rag‘batning yetishmasligi;
– ta'limning amaliy ehtiyojlardan uzilib qolganligi, bitiruvchilarda kerakli bilim va malakaning yo‘qligi;
– o‘qituvchilarda zarur rag‘batning yo‘qligi, ularning ma'nosiz byurokratik hisobotlarga ko‘milib qolganligi.
«Biz XXI asrda, insoniyat tarixidagi ilmiy-texnikaviy inqilobning buyuk davrida, postindustrial jamiyatga o‘tish davrida yashayapmiz. Bu jamiyatda yer, foydali qazilmalar, jamg‘arilgan kapital emas, balki innovatsiyalar, axborot, bilim va ko‘nikma eng asosiy resurslar hisoblanadi. Zarur ta'limsiz odamlarga bu jamiyatda ish yo‘q. Yoshlarimizni sifatli ta'limdan mahrum etar ekanmiz, biz ularni kelajakdan mahrum qilmoqdamiz. Uyat va sharmandalik», – deb yozdi Yuliy Yusupov.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda ta'lim tizimi inqirozga uchrashining asosiy sababi ikkita.
Bular:
1. 1996 yildan keyin paydo bo‘lgan iqtisodiy modelga asoslangan iqtisodiyotimizning qotib qolishi va chirishi. Agarda ta'limga yetarlicha talab bo‘lmasa, u holda ta'lim tizimi sifati hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
2. mamlakatimizda 1990-yillarda paydo bo‘lgan, quyidagilardan iborat samarasiz oliy ta'lim tizimi:
- erkin fikrlaydigan va faol, yaxshi mutaxassislar tayyorlashga emas, manqurt rahbarlarning har qanday buyrug‘ini so‘zsiz bajaradigan, hukumatga sadoqatlilarni tayyorlashga qaratilgan oliy o‘quv yurtlarini boshqarishning qat'iy markazlashtirilgan byurokratik tizimi;
- oliy o‘quv yurtlarining akademik va moliyaviy mustaqil emasligi hamda ular o‘rtasida raqobatning yo‘qligi.
«Oliy ta'limni isloh qilish birinchi navbatda mana shu muammolarni yechishga qaratilishi kerak. Oliy o‘quv yurtlari mustaqil bo‘lishi, jumladan, iqtisodiy jihatdan hamda nechta talabani o‘qitishga tayyorligini o‘zlari hal qilishi darkor. Yangi o‘quv muassasalarini tashkil qilish yo‘lidagi o‘zini oqlamagan to‘siqlarni olib tashlash kerak», - deydi Yusupov.
Uning qayd etishicha, oliy ta'limni moliyalashning vaucher tizimiga o‘tish lozim. Bunda kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan abituriyent davlatnikimi yoki xususiymi, qaysi oliygohda bepul o‘qishni (yoki agarda grant miqdori o‘qish uchun to‘lov haqini to‘liq qoplamaydigan bo‘lsa, qo‘shimcha pul to‘lab) o‘zi tanlashi kerak.
«Bularning barchasi oliy o‘quv yurtlari va o‘qituvchilar o‘rtasida raqobatni paydo qiladi, sifatli ta'lim xizmatlarini taqdim etish borasida kerakli rag‘batni va bu xizmatlarni taqdim etish uchun moliyaviy imkoniyatlarni beradi. Bu xizmatlarni olish uchun rag‘batni esa faqatgina rivojlanayotgan iqtisodiyot bera oladi. Iqtisodiy islohotlar davom etishiga umid qilamiz», – deb xulosa qiladi iqtisodchi.