Yevropaning to‘rt mamlakatida tahsil olgan o‘zbek: «Men albatta O‘zbekistonga qaytaman»


«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali chet elda tahsil olayotgan, ishlayotgan va ilmiy izlanishlar qilayotgan hamyurtlarimiz bilan yaqindan muloqot olib borish maqsadida «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasini amalga oshirmoqda.

Loyihaning navbatdagi qahramoni Buyuk Britaniyadagi «Heriot-Watt» universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Dostonbek Nuraliyev bo‘ldi.


Dostonbek suhbatimizni bolaligingiz va maktab davrlaringizdan boshlasak...

Andijon viloyatida tug‘ilganman. Ota-onam ziyoli inson bo‘lishgan, ya’ni o‘qituvchilar oilasida ulg‘ayganman. Bolalikdan aniq fanlarga qiziqardim. Hisoblash bo‘yicha qobiliyatimni sezgan ota-onam fizika va matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qitishdi. Umuman, oilamizda bilim olishga rag‘bat kuchli bo‘lgan. Shu boisdan aniq fanlar qatori xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini ham chuqur o‘zlashtirishga harakat qildim. Maktabni tamomlab Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga «GM Uzbekistan» qo‘shma korxonasi hamkorligidagi grant loyihasi asosida talaba bo‘ldim. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, bir muddat «GM Uzbekistan» qo‘shma korxonasida muhandis-texnolog sifatida ishladim.


Nima uchun aynan magistraturani xorijda olishga qaror qildingiz?

Korxonadagi qariyb ikki yillik mehnat faoliyatim bakalavr davrida olgan bilimlarimni amaliyotda qo‘llash va tajriba to‘plashga imkon berdi. Shunga qaramay soham bo‘yicha o‘z bilimarimni yanada chuqurlashtirishim zarur edi. Buni nafaqat hozirgi zamon talabi, balki so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilgan o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Shu maqsadda, Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus dasturi grantiga hujjat topshirdim. Aynan bu grant dasturini tanlashimga sabab esa «Smart Systems Integration», ya’ni smart texnologiyalari yo‘nalishi bo‘ldi. Chunki aynan ushbu soha hozirda nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning boshqa yetakchi davlatlarida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, mazkur grant dasturi orqali Yevropaning Vengriya, Norvegiya va Shotlandiya davlatlarining nufuzli universitetlarida bir semestrdan tahsil olishga muvaffaq bo‘ldim. Ayni damda Buyuk Britaniya (Shotlandiya) davlatidagi Heriot-Watt universitetida tahsilni davom ettiryapman.


Yevropada qariyb ikki yildan buyon yashab, qit’a davlatlarining qanday o‘ziga xos xususiyatlariga guvoh bo‘ldingiz?

Yevropa davlatlarining nufuzli universitetlarida o‘qib, mazkur mamlakatlar oliy o‘quv yurtlaridagi talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar havasimni keltirdi. Yuqori ta’lim sifatini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Masalan, bepul va tez ishlovchi internet, 24 soat davomida xizmat ko‘rsatuvchi kutubxonalar, zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan labaratoriya xonalari va hokazo...

Men yurtimizdagi ta’lim muassasalarida ham aynan mana shunday imkoniyatlar bo‘lishini juda xohlayman. Umid qilamanki, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yurtimiz ta’lim sifati ham shunday rivojlanadi.

Magistraturani tamomlaganigizdan keyingi rejalaringiz qanday?

Magistratura bosqichi tugagach O‘zbekistonga qaytaman. Ochig‘i, bu qarorimni eshitgan do‘stlarim «Londonda yashash yoqmadimi?» deb ajablanib so‘rashmoqda. To‘g‘risi, nafaqat London, balki Yevropaning Parij, Rim, Budapesht, Oslo va AQShning Nyu-York, Kembrij shaharlarida yashadim. Yashash davomida anglab yetgan haqiqatim – hech qaysi o‘lka o‘zingiz tug‘ilgan vatandek bo‘la olmaydi. Shuning uchun o‘qishni tamomlab albatta yurtimizga, ona shahrim – Andijonga qaytaman. Nasib qilsa, Andijon Mashinasozlik institutida o‘qituvchi sifatida yoshlarga xorijda orttirgan bilim va tajribalarimni o‘rgatish niyatim bor. Qolaversa, 2020-yili yurtimizda «HPAIR Uzbekistan-2020» xalqaro konferensiyasini o‘tkazishni rejalashtiryapman.


Konferensiya haqida batafsil ma’lumot bera olasizmi?

HPAIR loyihasi Harvard universiteti tomonidan 1991-yilda talaba-yoshlar ishtirokida ilk bor tashkil etilgan. Loyiha davomidagi konferensiyalarda BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun, Avstraliyaning sobiq Bosh vaziri Kevin Rudd va bir qator nufuzli xalqaro kompaniya rahbarlari  ma’ruzachi mehmonlar sifatida qatnashishgan. Har yil mazkur konferensiya dunyoning turli nuqtalaridan liderlik qobilyatiga ega, yuzlab iqtidorli talaba-yoshlarni birlashtiradi. Joriy yilda bo‘lib o‘tgan konferensiyaga AQShning Kembrij shahridagi Harvard kompusi mezbonlik qildi. Unda men ham ishtirok etdim. Ushbu konferensiyaning 2020-yil mamlakatimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan bir qatorda, talaba-yoshlarimizning xorijiy tengdoshlari bilan o‘zaro do‘stona integratsiyalashuviga katta yordam beradi, deb o‘ylayman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi