Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlardan tavsiyanoma olish uchun arizalar qabul qilish 1 iyunga qadar davom etadi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘g‘iloy O‘rozova ma’lum qildi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar:
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘lishi;
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy ta’lim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- o‘rta maxsus yoki professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak.
Talabgorlar joriy yilning 1 iyuniga qadar (shu kuni ham) ariza bilan doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat etadilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
- fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
- mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan ko‘chirma;
- o‘rta-maxsus yoki professional ta’lim bo‘yicha diplom.
1-7 iyun kunlari tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish to‘g‘risida xulosa qabul qilinadi.