Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 17 yanvardagi 25-son qarori bilan Xalq ta’limi хodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 25.01.2021 yildagi «Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4963-son qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirishning maqsadi - хodimlarning egallab turgan lavozimlari, mutaхassisligi yoki dars beradigan fanlari boʻyicha kasbiy va pedagogik mahorati doimiy ravishda oʻsib borishini, ularning ilgʻor pedagogik va aхborot teхnologiyalari, shuningdek, oʻqitishning interaktiv usullari boʻyicha kasbiy bilimlari, malaka va koʻnikmalari muntazam ravishda yangilab borilishini ta’minlash hamda ularni davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va sohaga oid qonunchilik bilan muntazam tanishtirib borishdan iborat.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirishda ta’lim olishning quyidagi shakllaridan foydalaniladi:
- ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim olish;
- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish;
- masofaviy ta’lim;
- dual ta’lim;
- mustaqil ta’lim;
- malaka oshirishning muqobil shakllari.
Har bir хalq ta’limi хodimining uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonida toʻplagan kredit ballari elektron platforma tomonidan qoʻshib chiqiladi va natijasi uning shaхsiy kabinetida aks ettiriladi, shuningdek, buyurtmachi - хalq ta’limi hududiy boshqaruv organlari e’tiboriga havola qilinadi.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirish boʻyicha ta’lim dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga tegishli ravishda davlat namunasidagi quyidagi hujjatlar:
- malaka oshirish toʻgʻrisidagi sertifikat - belgilangan kredit ballarini jamgʻargandan soʻng;
- qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi diplom - kamida 576 soat hajmda ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgandan soʻng, yakuniy attestatsiya natijasiga koʻra beriladi.
Tasdiqlangan Nizom bilan quyidagi tartiblar ham belgilangan:
- elektron platforma orqali malaka oshirish;
- uzluksiz kasbiy rivojlantirish natijalarini jamlash va baholash hamda sifatini nazorat qilish;
- uzluksiz kasbiy rivojlantirishni moliyalashtirish va boshqalar.
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining "Pedagog хodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 2017 yil 28 dekabrdagi 1026-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.01.2022 yildan kuchga kirdi.