Buyuk Britaniyaning Kardiff universiteti talabalari ChatGPT yordamida yozilgan insho uchun yuqori baho oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, BBC nashriga intervyu bergan talabalardan biri sun’iy intellekt yordamida tajriba o‘tkazgani haqida hikoya qilib bergan. Ismi sir qolishini istagan yigit yanvar oyida 2500 ta so‘zdan iborat ikkita insho yozgan. Ulardan birini esa ChatGPT yordamida tayyorlagan. U o‘zi yozgan inshosi juda past – 2,1 ball olgani holda, sun’iy intellekt yaratgan insho uchun eng yuqori ballga loyiq ko‘rilgan.
Shuningdek, u o‘z insholarini rejalashtirish va shakllantirish uchun sun’iy intellektdan foydalanishda davom etishini tan olgan.
Yaqinda Kardiff universitetiga berilgan axborot erkinligi bo‘yicha so‘rovda 2023 yil yanvar oyidagi baholash davrida universitetning shaxsiy Wi-Fi tarmoqlarida ChatGPT saytiga 14 443 marta tashrif buyurilganligi aniqlandi. Vaholanki, bir oy oldin bu ko‘rsatkich nolga teng bo‘lgani qayd etilgan.
Universitetning boshqa bir talabasi ham insho yozish uchun chatbot xizmatidan foydalanganini tan olgan. Talabalar sun’iy intellekt tomonidan yozilgan ishni hech kim haqiqiysi bilan ajrata olmaganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT bir necha soniya ichida bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘ygan edi. Shuningdek, sun’iy intellekt futbol bo‘yicha barcha davrlarning eng kuchli o‘yinchilaridan iborat ramziy terma jamoani ham tuzib chiqqandi.