Toshkentdagi maktablar bitiruvchilarining 85 foizi OTMga hujjat topshirmoqchi


Joriy o‘quv yilida poytaxtlik bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy o‘quv yilida Toshkent shahrida 24 mingdan ortiq bitiruvchi oliygohlarga hujjat topshiradi. Bu haqda Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farog‘at Ahmadjonova xabar berdi.

Farog‘at Ahmadjonova bitiruvchi o‘quvchilarning bandligi masalasiga to‘xtalib o‘tar ekan, joriy o‘quv yilida Toshkent shahridagi maktablarda 29 mingdan ortiq o‘quvchi 11-sinf bitiruvchilari ekanini maʼlum qildi.

«Bitiruvchilar bilan maktabni tamomlagandan so‘ng rejalashtirayotgan ishlari haqida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 24 mingdan ortiq, yaʼni 85 foiz bitiruvchilar oliy taʼlim muassasalarida o‘qish istagini bildirishdi. 1700dan ortiq o‘quvchi kasb-hunar kollejlari va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan bo‘lsa, 2000dan ortiq o‘quvchilar maktabni bitirib, ishlash istagini bildirishgan. 400dan ortiq bitiruvchi xorijda taʼlimni davom ettirish va mehnat faoliyatini ham boshlash niyatini bildirgan. Ularning 274 nafari esa harbiy xizmatni o‘tash istagi borligini aytishgan.

Shu bilan birga, taʼlimga tortilmaydigan 57 nafar nogironligi bor bitiruvchilar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Ularni uy sharoitida bo‘lsa ham bandligini taʼminlash ishlari hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilmoqda», deydi Farog‘at Ahmadjonova.

O‘tgan yili bitiruvchilarning 36 foizi OTMlarga o‘qishga kirgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida bu natija ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Chunki ayni paytda poytaxt maktablarida 70dan ortiq o‘quvchi muddatidan avval xorij OTMlarga o‘qishga kirgan.

2020 yilda bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari tahlili yuzasidan Toshkent shahri respublikada 2-o‘rinni egallagan va Xalq taʼlimi vaziri superkontrakt hamda yangi ochilayotgan xususiy va xorijiy universitetlar qabullari natijalari bo‘yicha Toshkent shahri ko‘rsatkichida yil yakunigacha qo‘shimcha o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Vazir Sherzod Shermatov oliy taʼlim muassasasiga bironta ham o‘quvchisi kirmagan maktablar soni 2020 yilda 3 barobarga kamayib, 692tani tashkil etayotgani haqida maʼlumot bergandi. Maʼlumot uchun, bunday maktablar soni 2019 yilda 2126ta bo‘lgan.