Toshkentdagi Amiti universitetga qabul o‘n kundan keyin boshlanadi


Prezident qarori bilan Toshkent shahridagi Amiti Universiteti tashkil etilayotgani haqida avvalroq xabar bergan edik. Shayxontohur tumanida ochilayotgan ushbu dargoh o‘n kundan keyin talabalarni qabul qila boshlaydi, deb yozadi O‘zA.

«Birinchi yili 200-250 nafar talabni qabul qilishni mo‘ljallab turibmiz. Imtihonlar ingliz tili va matematika fanidan bo‘ladi. Biz uch bosqichda – bakalavr, magistratura va tayanch doktorantura yo‘nalishlarida ta’lim beramiz.

Hozirda o‘qish uchun to‘lanadigan pul miqdori ham aniqlandi. Bakalavr uchun 3 ming, magistratura bosqichi uchun 5 ming dollar miqdorida pul to‘lanadi», – deydi Hindistonning Amiti universiteti prezidenti Atul Chauxananing poytaxtimizda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Qayd etish joizki, Hindistondagi yetakchi xususiy oliy ta’lim muassasasi Amiti universitetida 150 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. Ta’lim muassasasining bosh korpusi Noida shahrida joylashgan bo‘lib, uning 11 ta shaharda kampuslari mavjud. Shuningdek, Nyu-York, London, Dubay, Singapur, Xitoy, JAR va jahonning boshqa shaharlarida filiallari faoliyat yuritadi.

O‘zbekistonda ham joriy yilning sentyabr oyidan faoliyat boshlaydigan oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, kompyuter va dasturiy injiniring, sun’iy intellekt va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hindistonning Amiti universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazgan matbuot anjumanida Toshkent shahridagi Amiti universiteti qabul komissiyasi faoliyati, o‘quv jarayonlarini tashkil etish, shuningdek, O‘zbekistonda mazkur oliy ta’lim muassasasini tashkil etish faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar muhokama qilindi.