Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari OTMlar joylashuvining shahardagi tirbandlik muammosiga ta’sirini o‘rgandi.
Ta’lim muassasalari rivojlanishning asosi hisoblangani uchun, ularni oqilona joylashtirish shaharsozlikning muhim jihatlaridan hisoblanadi.
Masalan, 2012-yilda Moskvada yo‘llardagi yuklamani kamaytirish maqsadida 2020-yilgacha mavjud 5 ta yirik poytaxt universitetlari uchun Moskva halqa yo‘li tashqarisida o‘quv kampuslar qurish rejalashtirilib, bir nechta nufuzli OTMlar optimallashtirishga qaror qilingan.
Shuningdek, jahonning QS World University Ranking reytingidagi 25 ta eng nufuzli OTMlarning 9 tasi poytaxt shaharlarda va qolgan 16 tasi shahardan tashqarida joylashgan.
Endi o‘zimizga o‘tamiz:
Bugungi kunda Toshkent shahrida tirbandlik yuqori yo‘llarning jami uzunligi 120 kmdan oshib, bu Toshkent shahridan Guliston shahrigacha bo‘lgan masofadan (119 km) ham ortiq.
Respublika OTMlarining 43% Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, jami talabalarning 34% (354 ming) poytaxtda tahsil oladi.
So‘rovnoma ishtirokchilarining 47% tirbandlikni keltirib chiqaruvchi uch asosiy sababdan biri sifatida aynan o‘qishga qatnovchilar tufayli faollikning ortish holatlarini qayd etdi. So‘rovda ishtirok etgan talabalarning 78% tirbandlikni asosiy muammolardan biri, deb baholashgan.
So‘rovnomada qatnashgan talabalarning 9,3% bo‘sh vaqtlarida kira qilishini bildirib, ularning 91%ni Toshkentga boshqa hududdan kelib o‘quvchi talabalar tashkil etgan. Bu ularning kundalik ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shimcha ishlashlariga to‘g‘ri kelayotganini va ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Talabalar uchun o‘qish davridagi faollikning ortishi o‘ta tirband yo‘llar uzunligi 8,5 kmdan 11,3 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi.
O‘qish davrida tirbandlikning ortishi sababli 1 yilda atmosferaga qo‘shimcha 507 tonna CO2 ajralib chiqib, bu holat qo‘shimcha 19 031 tup daraxt ekish yoki 53 gektar yashil hudud barpo etishni talab qiladi.
Ta'kidlash joizki, OTMlarning poytaxtda markazlashuvi boshqa hududlardan ko‘plab yoshlarning Toshkent shahriga kelib ta’lim olishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkent shahrida narxlarning boshqa hududlarga nisbatan yuqoriligi, talabalar turar joylarining yetishmasligi va ijara narxining balandligi ta’lim xarajatlari bir necha barobarga ortib ketishiga olib kelmoqda.
Iqtisodiyotning ma’lum tarmog‘i uchun mutaxassislar tayyorlovchi ta’lim muassasalarini shu tarmoqqa ixtisoslashgan hududlarga joylashtirish fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlab, ta’lim sifatini oshirishga yordam beradi.
Shu bilan birga, OTMlar atrofida xizmat ko‘rsatish obyektlarining ko‘payishi hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga multiplikativ ta’sir qilib, hududlararo tabaqalashuv darajasini qisqaradi.