Bugungi kun davr talabi barcha sohalar kabi diniy soha vakillari oldiga ham bir qator muhim vazifa va talablarni qo‘ymoqda. Ana shunday yangilanish va islohotlarning ba’zilari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (TII)da amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin - deb yozadi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy web-portali.
Maxsus sirtqi bo‘lim bu yil ya’ni 2017-2018 o‘quv yilidan ilk bor o‘z faoliyatini boshlaydi. Bundan asosiy maqsad Respublikamizda faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid va ziyoratgohlarning o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lgan imom-xatib, imom noibi, ziyoratgoh mas’uli kabi mutaxassislarini oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashdan iborat. Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish muddati 3 yildan iborat bo‘lib, unga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar o‘rta maxsusta’lim muassasasini tugatgan, O‘zbekiston musulmon idorasi (O‘MI) tizimida ma’lum muddat davomida faoliyat olib borayotgan bo‘lishi talab etiladi. Maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi. Ularga TIIning yuqori malakali, uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilari dars berishlari ko‘zda tutilmoqda. Talabalar institut maxsus fan va o‘quv auditoriyalaridan, axborot resurs markazidagi darsliklar, manba va adabiyotlardan, kompyuter xonalaridan foydalanishlari mumkin. Ular o‘quv mashg‘ulotlari paytida bepul tushlik bilan ta’minlanadilar. Qisqa qilib aytganda kunduzgi bo‘lim talabalariga qanday imtiyoz va shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, maxsus sirtqi bo‘lim talabalari ham ulardan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Maxsus sirtqi bo‘limni tugatgan talabalarga diniy oliy ma’lumot darajasidagi TII diplomi beriladi.