Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 iyundagi 359-son qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetida kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra Toshkent davlat yuridik universitetida Kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeli joriy etiladi.
O‘quv yili uchun ta’lim dasturi bir yoki bir nechta modullardan iborat bo‘lib, TDYuU kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘quv yili davomiyligi ham Kengash tomonidan belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o‘rtacha 25-30 soatlik o‘quv yuklamasiga teng. O‘quv yuklamasi bakalavriatda – 40-50% auditoriya soati, 50-60% mustaqil ish soatiga, magistraturada – 30-40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga bo‘linadi.
Kredit soatlari miqdori va o‘quv yuklamasi TDYuU saytiga joylashtirib boriladi.
Talaba bir semestrda 30 kredit, o‘quv yilida esa 60 kredit to‘plashi lozim.
Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatini sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo‘yicha kreditni o‘zlashtirmagan hisoblanadi.
Yakuniy nazoratga kiritilmagan yoki kirmagan, qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.
Akademik qarzdor talabalar ta’til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lov qilganidan keyin o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qishi mumkin.