«Tibbiyot oliygohlariga qabul kvotasi to‘rt barobar oshirildi» — Prezident


Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuv vaqtida sohadagi oliy ta’lim masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Bugun tibbiy ta’lim muassasalari sonini ko‘paytirish, ularda chuqur bilim va malakaga ega kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berayapmiz.

Misol uchun, so‘nggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa, 4 barobarga oshdi.

Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida:

  • viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi;
  • olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun, «Qishloq shifokori» dasturini amalga oshirish boshlandi.

Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi», — dedi davlat rahbari.

Davlat rahbari o‘z nutqi davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, amaliy yordam berib kelayotgan xalqaro tashkilotlar — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya taraqqiyot banki, UNICEF, USAID, COVAX, JICA, TICA, KOICA, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlantirish jamg‘armasi va ko‘plab boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga minnatdorchilik bildirdi.