Testlarni 100 foiz to‘g‘ri topgan abituriyent davlat grantiga kira olmasa. Bu qanaqasi?


Yuridik universitetda 8027491 hamda 8027493 raqamli savollar kitobini ishlagan abituriyentlar 100 foizlik natija ko‘rsatgan, ya’ni 189 ball olgan. Hattoki, ikkalasi ham ingliz tilidan tegishli CEFR daraja olgan ekan. Lekin ular budjetga kira olmadi. Qanaqasiga?

«Xushnudbek.uz» kanali og‘riqli masalani ko‘tardi. Uning yozishicha, joriy yilda ham Toshkent davlat yuridik universitetida budjetni 100 foiz harbiy imtiyozlilar egallagan. Chunki savollarni 100 foiz topgan abituriyent maksimal 189 ball to‘play oladi. TDYuUda esa kontraktga kirish bali 162,3, budjetga o‘tish bali esa – 223,5 bo‘lgan.

«Harbiy imtiyozlar berish shu darajada adolatsiz tizimki, buni ko‘rib chiqmasa bo‘lmaydi. Bu haqida anchadan buyon gapiraman, kecha yoki bugun xayolimga kelib qolgani yo‘q. Masalan, Yuridik universitetda 8027491 hamda 8027493 raqamli savollar kitobini ishlagan abituriyentlar 100 foizlik natija ko‘rsatgan, ya’ni 189 ball olgan. Hattoki ikkalasi ham ingliz tilidan tegishli CEFR daraja olgan ekan. Yoki 8023744 raqamli abituriyent 187,9 ball olgan. Faqat chet tilidan bittagina xato qilgan, qolganini 100 foiz topgan. Oddiy mantiqiy savol: xo‘sh, nima uchun ular budjetga kira olmasligi kerak?», — deb yozadi «Xushnudbek.uz».

«Boshqa OTMlarda 70 ball bilan budjetga kirayotgan bir paytda ushbu holat ijtimoiy adolatsizlikning eng yorqin namunasi emasmi? Boshqalarni qo‘ya turaylik, mayli. Lekin TDYuUni o‘zida ham grantga kirish uchun hech qanday imkoniyat qolmayaptiku?!

Agar eng yuqori ball olganlar orasida qizlar bo‘lsa-chi, unda ular nima qilishi kerak?

Mayli, mamlakatimiz xavfsizligi uchun harbiy imtiyoz shunchalar muhim ekan, berilsin, qarshi emasmiz. Lekin bu imtiyoz o‘zgalarga ziyon yetkazmasin. Boshqa abituriyentlarga xalaqit bermasin, ularning davlat grantida o‘qish huquqini toptamasin!

Mutasaddi rahbarlar keyingi yilda shu masalani ham ko‘rib chiqishsa, yomon bo‘lmasdi.

Tez orada shu mavzu bo‘yicha o‘zimning aniq takliflarim bilan o‘rtoqlashishga harakat qilaman», — deya qayd etdi post muallifi.

Manba: xabar.uz