Bugun Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining harbiy kafedrasida, kafedrada xarbiy xizmat burchini ado etayotgan talabalarining harbiy qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti harbiy kafedrasi oliy o‘quv yurti tashkil etilgan kundan beri faoliyat olib bormoqda. Harbiy kafedraning asosiy vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga zahira va rezerv ofitser kadrlarni tayyorlab berishdan iborat, shunday bo‘lishiga qaramasdan, Qurolli Kuchlar saflarida harbiy kafedraning ko‘plab bitiruvchilari haqiqiy harbiy xizmatni o‘tab kelmoqdalar.
Harbiy kafedrada texnik tayyorgarlik hamda umumharbiy tayyorgarlik sikllari faoliyat olib bormoqda.
2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining tegishli buyruqlariga asosan, harbiy kafedraning shtati tubdan o‘zgartirilib, harbiy kafedrada haqiqiy harbiy xizmatdagi ofitserlar – harbiy kafedra boshlig‘i (podpolkovnik Bobojonov O‘.K.) va ikkita sikl boshliqlari (podpolkovniklar Muxammadiyev J.E. va Qambarov Q.N.) ish boshladi. Qurolli kuchlar xizmatchilari hisoblangan qolgan 9 o‘qituvchi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilib, bugungi kunda harbiy nafaqada bo‘lgan harbiy xizmatchilardir.
Harbiy kafedrada harbiy aloqachi hamda axborot xavfsizligi yo‘nalishlari va harbiy hisob ixtisosligi bo‘yicha ofitserlar tayyorlanadi. 2018-2019 o‘quv yili uchun o‘tgan yilning aprel-iyun oylarida universitetning 2 kurs talabalari orasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijasida 165 ta talaba, harbiy tayyorgarlik fanlarini o‘rganish uchun tanlab olingan edi.
Harbiy kafedrada ta’lim olgan ushbu talabalar Yunusobod tuman mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limi tomonidan o‘quv yig‘inida ishtirok etish uchun chaqirildi. O‘quv yili davomida ular harbiy tayyorgarlik fanlari bo‘yicha bilim olib, o‘quv yig‘inida bu bilimlarini amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamladilar. Amaliy mashg‘ulotlarning ko‘p qismi Mudofaa vazirligining harbiy qismlarida hamda Aloqa harbiy institutida tashkil etildi.
Davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar Vatanga, Prezidentga, xalqimizga sodiq bo‘lishga qasamyod qildilar. Tadbir davomida talabalarning ko‘rgazmali xarbiy chiqishlari namoyish etildi.
Manba: xabar.uz