Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi fuqarolardan “UNIVERSITY AT-TERMIZIY" MCHJ tomonidan berilgan diplomlar O‘zbekistonda tan olinadimi?" degan murojaatlar bo‘layotganini, biroq bu ta’lim tashkiloti O‘zbekistonda oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beruvchi hech qanday litsenziyaga ega emasligini ma’lum qildi.
“Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, Ta’lim inspeksiyasidan oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya olmagan nodavlat OTMlar tomonidan berilgan diplomlar tan olinmaydi", deb ogohlantirdi inspeksiya.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda nodavlat OTMlarga litsenziya berish tizimi soddalashtirilgan va tezlashtirilgan. Masalan, 2018 – 2020 yillar oralig‘ida litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat OTMlar soni 13 tani tashkil etgan bo‘lsa, birgina 2021 yilda 21 ta nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyati litsenziyalangan.
Fuqarolar litsenziyasi bo‘lmagan OTMlarga aldanib qolmasligi uchun inspeksiya saytida litsenziyasi mavjud nodavlat OTMlar ro‘yxati doimiy yangilab boriladi.
“Shuni yodda tutish muhimki, tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar nafaqat O‘zbekiston Respublikasida balki boshqa davlatlar tomonidan ham tan olinmaydi", deyiladi inspeksiya xabarida.