Talabalarga ijara to‘lovi bir qismini qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi


Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta’lim muassasalari talabalarini turar joy bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi, Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish, bunda:

  • yotoqxonalar hisobini yuritish reyestrini ishlab chiqish;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni ustuvor ravishda joylashtirish;

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ariza berish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish nazarda tutish belgilangan.

2023 yil 1 sentabrdan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga ijara to‘lovining bir qismini davlat budjeti hisobidan qoplab berishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Bunda:

  • talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi;
  • ijara shartnomasida ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 (o‘n ikki) metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim;
  • talabalar safiga qabul qilingan va talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan oliy ta’lim muassasasidan uzoq joylashgan hududlardan kelgan birinchi bosqich talabalari (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) bo‘lgan ijara asosida yashaydigan talabalar)ga, oliy ta’lim muassasalariga ushbu maqsadlarda ajratilgan mablag‘lar doirasida sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab beriladi hamda belgilangan tartibda ijara shartnomasi taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi;
  • davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan ijara huquqi asosida yashayotgan, biroq ijara to‘lovlari ushbu qarorda belgilangan tartibda davlat budjeti hisobidan qoplanadigan talabalarning 60 foizidan ortgan qismi uchun oylik ijara to‘lovi bir qismini ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangan mezonlar va tartib asosida moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi mumkin.

Talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qo‘yishga ruxsat etiladi.