Maʼlumotlarga qaraganda, Toshkent shahrida 173 ta talabalar yotoqxonasi mavjud va ularga 47,4 ming talaba joylashishi mumkin. Lekin Toshkent sharoitida bu juda kam, yotoqxonaga ehtiyojmandlarning 40%iga ham yetmaydi.
75 ming atrofidagi talabalar ijaralarda yashar ekan. Ijara topish, propiskaga qoʻyish, har oy ijara haqini toʻlash muammolari haqidaku soatlab gapirish mumkin.
Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan yotoqxonaga joylashish muammosi doim talabalarni qiynab keladi. Dekanga yalin, prorektorga kir, rektordan iltimos qil va h.k. Talabalar yotoqxonasiga joylashish boʻyicha aniq Nizom yoki yoʻriqnoma bormikin-a, qidirib topa olmadim. Balki bordir.
Umuman olganda magarki muammo mavjud ekan, demak uning yechimlari haqida qaygʻurish kerak. Eng avvalo talabalar yotoqxonasiga joylashtirishning rasmiy tartibini yangidan ishlab chiqish va hamma talabalarga yetkazish kerak. Bu shunday tartib boʻlsinki, hozirgidek noroziliklar sezilarli kamaysin. “Faqat tanish-bilish bilan, "soqqa“ bilan joy olish mumkin, biz bechorala koʻchada qoldik" degan taʼnalarni nisbatan yoʻqotadigan tartib boʻlsin.
Bundan tashqari yotoqxonalar sonini koʻpaytirish, ulardagi oʻrinlarni kengaytirish haqida ham oʻylash zarar qilmaydi.
OTMlar hududini shahar chekkasidagi joylarning hisobiga boʻlsa ham kengaytirish va zamonaviy kampuslar yaratish kerak. Toki talabalar bir joyda oʻqib, bir joyda yashashsin. Transport xarajatlari va tashvishlari bilan ovora boʻlishmasin.
Talabalarning vaqtinchalik propiskaga qoʻyish tizimini ham takomillashtirish, yaʼni yengillashtirish kerak, menimcha.
Hozircha shular. Yana fikrlar kelsa oʻrtoqlashaman. Yotoqxonadan joy olishda haqiqiy ehtiyojmandlarga omad tilayman!
Manba: @xushnudbek